Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo va Xitoy — yangi investitsiya ko‘prigini barpo etmoqda
10:36 / 2025-10-30

Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligidagi delegatsiya mana bir necha kundirki, Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Safar doirasida delegatsiya Xitoyning qator nufuzli kompaniya va yirik investorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, yangi investitsiya yo‘nalishlarini belgilash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilmoqda.

Ruian Quanji Agricultural Development, Heben International, China Wenren, Taizhou Shanda International Trade, Fourone System hamda Sichuan Tenzhui Jie kompaniyalari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Sirdaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati, tabiiy resurslari va qulay investitsiya muhiti haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xitoylik hamkorlar O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatda, ayniqsa Sirdaryo viloyatida biznes va investitsiya uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuqori baholab, qator amaliy taklif va tashabbuslarni ilgari surdilar.

Uchrashuvlar chog‘ida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika sanoati, sanoat texnoparki faoliyatini rivojlantirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda innovatsion texnologiyalar sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishildi.

Muzokaralar doirasida ayrim kompaniyalar Sirdaryo viloyatida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, qo‘shma korxonalar tuzish va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarni muhokama qildi.

Safarning asosiy maqsadi — hududga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish va ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Ma’lumot uchun: Sirdaryo viloyati Xitoyning bir qator provinsiyalari bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur safar esa o‘zaro ishonch, do‘stlik va ishbilarmonlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA