Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo va Farg‘onada OTMga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi
17:51 / 2022-06-10

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti xodimi “E.Z.” Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, joriy yil uchun mazkur oliy ta’lim muassasasiga qabul tugaganligini aytib, uning o‘g‘lini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 6 ming AQSH dollari talab qiladi.

Ammo, u so‘ralgan pulni olgan vaqtida DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Bu yo‘nalishda DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham IJQK departamenti xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

Xususan, Bag‘dod tumanida yashovchi, 1999 y.t. “I.L.” mazkur tumanda istiqomat qiluvchi ayolning qizini Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. 

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, u ushbu pul mablag‘ini Toshkent shahrida yashovchi, 1997 yilda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tug‘ilgan “Q.S.”ga olib borib berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, tezkor tadbir Toshkent shahrida davom ettirildi hamda u ham pulni olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.