English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo tumanida 5 ta umumta’lim maktabi direktori ishdan olindi
12:24 / 2020-11-22

Ta’lim inspeksiyasining Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan Sirdaryo tumanida o‘tkazilgan o‘rganish mobaynida bir qator kamchiliklar borligi aniqlangan.

Ta’lim inspeksiyasining Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlari xulosasiga nazar tashlaganda tumandagi bir qator umumta’lim maktablarida o‘tilayotgan darslarning sifati pastligi, o‘qituvchilarning darslarga tayyorgarliksiz kelishi, o‘quvchilar davomadi nazorati sustligi, tarbiyaviy ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi ko‘zguda aks etgandek, namoyon bo‘ladi.  

E’tibor bering, tumandagi 42- umumta’lim maktabida shu yilning o‘zida 3 nafar 11-sinf o‘quvchisi talonchilik jinoyatini sodir etgan. 21-maktab o‘quvchisi Sh.U. esa giyohvandlik moddasi bilan mutasaddi idora xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Yoki 27-umumta’lim maktabi o‘quvchisi S.R. o‘qish, bilim olish o‘rniga o‘g‘rilik bilan mashg‘ul bo‘lib, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat sodir etgan.  

Ta’lim sifatining pastligi tuman bo‘yicha joriy yilda maktabni tamomlagan 1 ming 635 nafar bitiruvchidan atigi 179 nafari yoki 14,6 foizigina oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan, xolos. Bu ko‘rsatgichlarni maktablar kesimida tahlil qilganda, ertamiz ishonib topshirmoqchi bo‘lgan yoshlarimizning bilim saviyasi naqadar pastligiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.  

Yana boshqa faktlarga nazar tashlasak, tumandagi 28-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining geometriya fani o‘qituvchisi N.Elboyev 7 nafar o‘quvchisi darsga kelmagan bo‘lsada, yo‘qlama qilib, ularning darsda yo‘g‘ligini jurnalda qayd etmagan. Bu o‘quvchilar qayerda? Nima ish bilan shug‘ullanmoqda? degan savollar javobsiz qolmoqda.  

Afsuski, ushbu savollarga javob berayotgan mas’ulning o‘zi yo‘q. O‘qituvchining qo‘lida na AKT vositalari, na savollar to‘plami, na test topshiriqlari, na ko‘rgazmali qurollar va na yangi mavzuning bayoni bor?!. Unda kalendar rejadan boshqa hech narsa yo‘q. Xo‘sh u o‘quvchiga nimani o‘rgatadiyu, o‘quvchisi undan nima oladi. Eng achinarlisi bunga o‘xshash holat tumandagi 3, 21, 42-sonli umumta’lim maktablarida ham kuzatilgan.

Tumandagi umumta’lim maktablari direktorlari va ularning o‘rinbosarlari, tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan tanqidiy ruhdagi yig‘ilishda aynan shu masalalar muhokama etildi.

Biz yuqorida aytgan va aytmagan, ta’lim sohasidagi yana bir qator kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi, fikrlar bildirilib, takliflar kiritildi. Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari darsning sifati, o‘qituvchining darsga tayyorgarligini nazorat qilmayotganligi tanqid qilindi.  

Yig‘ilishda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tumandagi 5 ta umumta’lim maktablarining direktorlari yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari O.Nosirov, Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi viloyat bo‘limi rahbari H.Yodgorov va boshqalar tomonidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

 

A.QAYUMOV,O‘zA muxbiri