Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli – Davlat tibbiy sug‘urta mexanizmi bilan bog‘liq ishlar bilan tanishish, tajriba almashish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi vakillari hamrohligida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Doktor Ashina Xalakdina boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryoga tashrif buyurdi.
Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Hakimov mehmonlar bilan uchrashib, tizimdagi vazifalar yuzasidan fikr almashdi. Qiziqarli va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari asosida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari xususida so‘z yuritildi.

Mehmonlar Boyovut tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 7-oilaviy poliklinika, G‘alaba oilaviy shifokorlik punkti, Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada bo‘lib, bemorlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. So‘ngra tibbiy brigadalar faoliyati, bemorlarga elektron yo‘llanma berish tartibi bilan tanishib soha xodimlariga tavsiya va maslahat berdi.



–O‘zbekistonga kelganimga uncha ko‘p bo‘lmadi. Sirdaryoga, sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli – davlat tibbiy sug‘urta mexanizmi bilan bog‘liq ishlar bilan tanishish maqsadida tashrif buyurib, o‘zbek xalqini bag‘ri naqadar keng va mehmondo‘stligiga guvoh bo‘ldim. Eng asosiysi, o‘ylamagandim, davlat tibbiy sug‘urta tizimi bilan bog‘liq ishlar, qisqa fursatda, shu darajada yaxshi yo‘lga qo‘yiladi deb. Muammolarga kelsak, bor, albatta. Muammolar ham asta o‘z yechimini topadi, – dedi Doktor Ashina Xalakdina.
Shuhrat Suyarov, O‘zA