Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo qovunlari endi qayta ishlanadi
16:01 / 2026-01-09

Sirdaryo viloyatida yetishtiriladigan «Obinovvot» va «Jo‘raqand» navli qovunlar xalqaro ekspertiza natijasida Xitoy sanoati uchun eng maqbul xomashyo sifatida e’tirof etildi.

Xitoyning Futszyan provinsiyasida joylashgan «Pan Pan Foods» kompaniyasi laboratoriyasida o‘tkazilgan tahlillar ushbu navlarni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyatlari yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Tahlil jarayonida Sirdaryo viloyatidan 2025 yilda jo‘natilgan «Oq urug‘», «Obinovvot», «Ko‘kcha» va «Jo‘raqand» navli qovunlar o‘rganildi. Natijada «Obinovvot» va «Jo‘raqand» navlari tabiiyligi, tozaligi, xushbo‘yligi va yuqori shirinligi bilan ajralib, hatto 85 darajagacha sovitilgan holda ham o‘z sifat ko‘rsatkichlarini saqlab qolishi qayd etildi. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, mazkur navlar sanoat miqyosida qayta ishlash uchun to‘liq javob beradi.

Mazkur natijalar Sirdaryo viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning o‘tgan yil oktyabr oyida Xitoyga amalga oshirgan xizmat safari davomida ham atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuvlar chog‘ida qovunni sanoat usulida qayta ishlash, uning asosida turli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Xususan, «Pan Pan Foods» kompaniyasi bilan qiymati 25 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihasi yuzasidan kelishuvga erishildi. Loyiha doirasida Sirdaryo viloyati tumanlaridan birida qovunni qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy korxona tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ayni paytda ishlab chiqarish parametrlarini aniqlash bo‘yicha yakuniy muzokaralar olib borilmoqda. Loyihani 2026–2027 yillarda amalga oshirish mo‘ljallangan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, qovunni sanoat usulida qayta ishlashning yo‘lga qo‘yilishi dehqon va fermer xo‘jaliklari daromadini sezilarli oshiradi. Qolaversa, sohani sifatli urug‘lik bilan ta’minlash hamda intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish orqali qovun yetishtiruvchilarning daromadini hozirgi ko‘rsatkichlarga nisbatan kamida ikki barobar oshirish imkonini beradi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri