Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo: Ogʻir vaziyatga tushgan odamlarga, ayniqsa ayollarga qanday yordam koʻrsatilmoqda?
17:02 / 2020-01-22

Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining birinchi yigʻilishida Sirdaryodagi vaziyatga toʻxtaldi.


Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining birinchi yigʻilishida Sirdaryodagi vaziyatga toʻxtaldi.

Uyma-uy yurilganda yeyishga noni yoʻq, uyida toʻshashga sholchasi yoʻq, dori olishga puli yoʻq, yigʻlashga koʻzida yoshi yoʻq ayollar borligi haqida fikrlar bildirildi.

Shunday soʻng ushbu vaziyatga munosabat, Sirdaryo viloyatidagi ana shu holatlar aks etgan fotosuratlar saytimizda eʼlon qilindi.

Xoʻsh, kun tartibiga chiqqan muammoli vaziyat viloyatda qanday hal etilmoqda?

Bu savolga mutasaddilardan OʻzAga javoblar kelishda davom emoqda.

Maʼlum boʻlishicha, Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi mahallalarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va maishiy sharoitlarini oʻrganish uchun ishchi guruhi yuborilgan.

Xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va hal etish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Respublika Ishchi guruhiga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov rahbarlik qilmoqda.

Ishchi guruh tarkibida Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi, Mahallalar kengashi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassislari qamrab olingan.

Demak, kuni kecha eʼlon qilingan fotosuratlardagi yordamga muhtoj manzaralar viloyatning Sirdaryo tumanida olingan.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, ishchi guruh aʼzolari Sirdaryo tumanidagi 38 mahallaga borib, uyma-uy yurib, odamlarning yashash sharoitlari bilan tanishgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, salomatligini tiklashga ehtiyoji bor xotin-qizlar aniqlanib, ularga amaliy yordam koʻrsatish boshlangan.

Jumladan, Beshbuloq mahallasida yashovchi oʻnlab oilalardagi xotin-qizlarga manzilli yordam koʻrsatishga kirishilgan. Uyma-uy yurib oʻrganishlar jarayonida Taraqqiyot mahallasida yashayotgan Maxamatqulovlar oilasida moddiy yetishmovchilik sababli uy-joy sharoiti yomonlashgani aniqlangan. Bu xonadonni taʼmirlash muammosi hozirda hal etilmoqda.

Ochiq muloqot va suhbatlar asnosida shu mahallada yashovchi Salima Yassakova uy-joy olish uchun imtiyozli kredit olishda amaliy yordam soʻragan. Ahillik mahallasida yashovchi, 2-guruh nogironi boʻlgan Shahlo Joʻrayeva esa chorva mollari sotib olib, olib boqish orqali oʻz oilasining iqtisodiy ahvolini yaxshilash niyatida ekanini bildirgan.

Istiqbol mahallasida istiqomat qilayotgan yolgʻiz ayol Xadicha Muxtorovaning uyi taʼmirga muhtojligi maʼlum boʻlgan.

Tabiiy gaz, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi taʼminoti, yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha ham muammolar mavjud. Maktabgacha taʼlim muassasasi, sogʻliqni saqlash tizimi bilan bogʻliq hal qilinishi zarur boʻlgan masalalar ham yoʻq emas.

Hozirda Respublika Ishchi guruhi odamlarni qiynayotgan shu kabi muammolarni bartaraf etish va amaliy yordam koʻrsatish choralarini koʻrmoqda. Shu maqsadga qaratilgan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan.

- Ishchi guruh tarkibida Sirdaryo tumanida boʻlganimizda yordamga muhtoj ayollarga nafaqat koʻmak koʻrsatilishi, balki ularni kelgusida qiyin ahvolga tushmasligi uchun choralar koʻrish zarurligi haqida oʻyladik, — deydi Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi boʻlimi boshligʻi Dilorom Qoʻziyeva.– Shu bois qoʻmitamiz tomonidan mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish, oilalardagi xavfsizlik va farovonlikni taʼminlash hamda mustahkamlashga qaratilgan Kengash tashkil qilishga qaror qilindi.

Ushbu kengash xotin-qizlar boʻyicha mahalla mutaxassisi boshchiligidagi guruhlarni qamrab oladi. Har bir mahallada ushbu kengash tarkibiga kiruvchi jami 30 nafar fidoyi faoliyat olib boradi.

Har bir guruh rahbari oʻziga biriktirilgan mahalladagi sektorlari boʻyicha oilalardagi muammolarni oʻrganadi hamda kunlik grafik boʻyicha maʼlumot berib turadi va tegishli choralarni koʻradi.Ushbu tizim bir vaqtning oʻzida mahalladagi har bir oila holati boʻyicha monitoring olib borish va tegishli choralarni oʻz vaqtida koʻrish imkonini beradi.

Qachonki, ayol tadbirkor boʻlsa, nafaqat oʻzi, roʻzgʻori, mahallasi, yurtini obod qiladi. Shu nuqtayi nazardan ayollar oʻrtasida kichik tadbirkorlik rivojlantiriladi. Ayollarimiz oilasidan uzoqlashmagan holda tikuvchilik, pazandalik bilan bogʻliq faoliyat olib borsa, hech kam boʻlmaydi. Shu bois qoʻmita mutaxassislari shu maqsadga xalqaro grantlarni jalb qilishga urinayotgani quvonarli.

Dilorom Qoʻziyevaning aytishicha, ushbu maqsadga qaratilgan ishlar boʻyicha ilk qadamlar qoʻyilgan. Xitoy elchixonasi bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, zamonaviy tikuv mashinalari, meva quritish, pissa va boshqa pishiriqlar tayyorlaydigan uskunalar uchun mablagʻ ajratgan. Bu uskunalar tez orada oʻz egalarini topadi.

Ezgulikka chorlov ham aslida katta bir ezgulikdir! Topshiriq asosida boʻlsa ham mutasaddilar yordam muhtoj manzillarga yetib borib, odamlarning joniga ora kirmoqda. Sirdaryoga borgan masʼul shaxslar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham shunday manzillar boʻlishi mumkinligini, yordam kutayotgan odamlar borligini unutmasalar nur ustiga aʼlo nur boʻlardi.