Sirdaryoda dunyoning eng kuchli polvonlari jahon chempionligi uchun bahslarga kirishdi. Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida mamlakatimiz ilk bor mezbonlik qilayotgan belbog‘li, bel olish hamda uch kurash turlari bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, sektorlar rahbarlari, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi, O‘zbekiston Bel olish va uch kurash assotsiatsiyasi vakillari hamda sportchilar ishtirok etdi.
Marosimda viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev so‘z olib, qatnashchilarni qutladi. Musobaqa uch kurash bahslari bilan boshlandi. Unda erkaklar 8 ta vazn, qizlar 3 ta vazn toifasida o‘zaro bellashdi.
Chempionatning birinchi kunida aksariyat vazn toifalarida finalchilar ma’lum bo‘ldi. Tojikistonlik Odimuhammad Ziyoyev va O‘zbekiston vakili Quvondiq Qutlimurodov 66 kilogramda finalga yo‘l olgan bo‘lsa, 72 kilogrammda ham shu davlat polvonlari Xudoyor Rajabzoda va Akmal Akromov bosh sovrin uchun gilamga chiqishadi.
90 kilogrammda vakilimiz Asrbek Yo‘ldoshev eronlik raqibi Toraj Shinari bilan oltin medal uchun bel olishadi. Shuningdek, 96 kilogrammdagi polvonlar finalida yana bir sportchimiz Husniddin Jalolov qirg‘izistonlik Bobur Mamirovga qarshi maydonga tushadi.
[gallery-14682]
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev,(surat), O‘zA muxbirlari