Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo IES: zamonaviy quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi
17:25 / 2022-08-18

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ energiya tejaydigan texnologiyalarni va energiya sarfini iqtisod qilishni rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni keng joriy etish, muqobil energiya manbalari, xususan, quyosh energiyasidan foydalanishni ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda.

Shunga ko‘ra, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va tizim korxonalari tomonidan o‘z ehtiyoji uchun sarflanayotgan energiya iste’moli hisob-kitob qilinib, sohaga zamonaviy texnologiyalar asosida muqobil energiya uskunalaridan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olingan. Hozirda tizimdagi otaxon korxonalardan biri bo‘lgan “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi”da jami sig‘imi 2400 litrga teng bo‘lgan 12 ta quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi.

Quyosh suv isitish qurilmalari ish boshlagach korxona xo‘jalik ehtiyojlari uchun ishlatilayotgan issiqlik tizimi o‘chirilib, to‘liq zaxiraga chiqarildi.

Jamiyat tarkibidagi “O‘zbekenergota’mir” AJ tomonidan sanoat kooperatsiyasi asosida 200 litr sig‘imga ega quyosh suv isitkichlarini mahalliy sharoitda raqobatbardosh narxlarda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Mahsulotning afzalligi shundaki, u bozorda taklif etilayotgan 20 ta quvurli quyosh suv isitkichlaridan farqli bo‘lib, 24 ta quvur bilan jihozlangan. Bu esa qisqa vaqt ichida 200 litr suvni isitish imkonini beradi. Mahsulot narx borasida ham arzonligi bilan ajralib turadi.

Mutaxassislarning bildirishicha, savdoda mavjud bo‘lgan shu turdagi qurilma 15 yillik kafolatga ega bo‘lsa, mahalliy mahsulot 20 yil davomida ishonchli xizmat qiladi.

– Mazkur qurilmalardan foydalanish hisobiga korxona yiliga 100 ming kVt.soat elektr va 300 Gkal issiqlik energiyasini tejash imkoniga ega bo‘ladi,  – deydi “Sirdaryo IES” AJ Texnik ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i G‘ulom Xalnazarov.

Eslatib o‘tamiz, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan tizimda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish maqsadida “Sirdaryo IES” AJ 1200-1500 kVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha tender ham e’lon qilgan.

Shuhrat Suyarov, O‘zA