Sirdaryo viloyati futbol akademiyasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, zamonaviy infratuzilma hamda yuqori malakali mutaxassislar faoliyati natijasida iqtidorli yosh futbolchilar yurtimiz va Osiyo miqyosida salmoqli natijalarga erishmoqda.
Jumladan, 2025 yili Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogida O‘zbekiston terma jamoasi safida qatnashgan Sadriddin Hasanov, Muhammad Hakimov va Azizbek Abdumo‘minovlar aynan ushbu akademiya tarbiyalanuvchilari hisoblanadi.


Futbol akademiyasi 2018 yili Yangiyer shahrida bolalar-o‘smirlar sport maktabi sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik, mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati doirasida mazkur muassasa futbol yo‘nalishida ixtisoslashtirildi. Hozirda akademiyada 154 nafar yosh futbolchi tahsil olmoqda. Ular orasida O‘zbekiston terma jamoalariga jalb etilgan sportchilar ham bor.
Akademiya hududida yosh futbolchilar uchun zarur infratuzilma yaratilgan. 2024 yili umumiy qiymati 13 milliard so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, tabiiy va sun’iy qoplamali maydonlar, yotoqxonalar, ta’lim binolari, sport zallari hamda Work-Out maydonchalari foydalanishga topshirildi.


– Asosiy maqsadimiz nafaqat professional futbolchilarni, balki ma’nan barkamol va jismonan sog‘lom shaxslarni tarbiyalashdir, – deydi akademiya direktori o‘rinbosari Bekzod Qodirqulov. – Shu bois har bir tarbiyalanuvchiga individual yondashuv asosida ta’lim beriladi.
Akademiyada 20 nafar murabbiy faoliyat yuritmoqda. Ularning aksariyati OFKning “A”, “V” va “S” toifali murabbiylik litsenziyalariga ega. Qo‘llanilayotgan individual yondashuv va zamonaviy o‘quv-tarbiya usullari yosh futbolchilar salohiyatini to‘liq namoyon etishiga xizmat qilmoqda. 2024 yili Sirdaryo viloyati jamoasi ilk bor O‘zbekiston Birinchi ligasida ishtirok etib, 36 ochko bilan jadvalda 6-o‘rinni egalladi. Bu natija debyut mavsum uchun munosib yutuq sifatida qayd etildi.


2025 yilda akademiyaning 10 nafar futbolchisi o‘z yosh toifasidagi terma jamoalarga jalb etildi. Ulardan 6 nafari asosiy tarkibda, 4 nafari zaxira sifatida maydonga tushmoqda. Shu yili akademiyani tamomlagan 11 nafar bitiruvchi yuqori divizion klublari bilan shartnoma imzoladi. Qolganlari esa “Sirdaryo FA” jamoasi safida o‘z salohiyatini namoyon etmoqda.


– Muassasamizda sport mashg‘ulotlari bilan bir qatorda ruhiy tayyorgarlik, to‘g‘ri ovqatlanish, jamoaviylik, intizom va motivatsiyaga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi akademiya murabbiyi Jo‘rabek Do‘smatov. – Zamonaviy futbolda sport psixologiyasi, video tahlil va ilmiy asosdagi jismoniy tayyorgarlik muhim ahamiyatga ega. Shu bois ilg‘or yondashuvlarga katta ahamiyat berilyapti.
Sirdaryo futbol akademiyasida yaratilgan sharoitlar, ilmiy va metodik yondashuv, professional murabbiylar jamoasi yosh avlodning orzulari yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu maskanda nafaqat texnik va taktik tayyorgarlik, balki vatanparvarlik, javobgarlik va intizom kabi hayotiy qadriyatlar ham o‘rgatilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri