Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryo agrar tarmog‘ida yangi bosqich
17:25 / 2025-09-10

Sirdaryo agrar sohasi tubdan yangilanish bosqichiga kirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 9 iyundagi “Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasini yangi yondashuv asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori viloyat qishloq xo‘jaligida zamonaviy islohotlarni amalga oshirish va tarmoqni yangi pog‘onaga olib chiqishda dasturulamal vazifasini o‘tamoqda.

Qaror doirasida 53 ta aniq tadbir belgilangan bo‘lib, ularning 15 tasi allaqachon bajarildi, qolgan 38 tasi bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda. Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tgan hokimlik soatida mazkur qaror ijrosi keng muhokama etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida 144,8 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlari qayta tiklandi, yer resurslari hisobdan o‘tkazilib, geoaxborot ma’lumotlar bazasi yangilandi. Buning natijasida yer maydonlaridan samarali foydalanish imkoniyati ortmoqda.

Agrar sohada ishlab chiqarish hajmi ham barqaror o‘smoqda. Joriy yilda 37,8 ming tonna go‘sht, 189 ming tonnaga yaqin sut va 92,6 million dona tuxum yetishtirildi. Bu ko‘rsatkichlar aholi dasturxonining to‘kisligini ta’minlash bilan birga, ichki bozor barqarorligiga ham xizmat qilmoqda.

–  Prezident qarori — biz uchun yo‘l xaritasi, –  dedi Erkinjon Turdimov. –  Har bir ko‘rsatkich xalq farovonligiga qo‘shiladigan ulkan hissadir. Biz barcha tarmoqlarda yanada qat’iyat bilan mehnat qilib, qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur.

Yig‘ilishda mutasaddilar oldiga qator ustuvor vazifalar qo‘yildi. Jumladan, 990 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlarini tiklash, foydalanishdan chiqqan 18 ming gektardan ortiq maydonlarni ishga tushirish, Xovos tumanida esa 1 500 gektar intensiv bog‘ va tokzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu tadbirlar nafaqat ichki bozorda sifatli mahsulot yetishtirishni, balki eksport salohiyatini kuchaytirishni ham nazarda tutadi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorni arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida yil yakuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, mas’ul rahbarlar va tuman hokimlari bir oy muddatda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan hisobot taqdim etishlari qat’iy uqtirildi.

Muhokamani viloyat rahbari quyidagi so‘zlar bilan yakunladi:  –  Sirdaryo agrar sohasida amalga oshirilayotgan har bir qadam kelajakda xalqimiz dasturxoni to‘kisligi va yurt taraqqiyoti garovi bo‘lib xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri