Sinxron suzish: Qit’a chempionatida yana bir medal qo‘lga kiritildi
Hindistonning Ahmadobod shahrida 25 ta davlatning ming nafardan ziyod sportchilari ishtirokida suv sporti turlari bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda. Musobaqaning sinxron suzish bahslarida hamyurtimiz muvaffaqiyatga erishdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sabina Mahmudova erkin solo dasturida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Hamyurtimizning harakatlariga hakamlar 184,4525 ball taqdim etishdi.
Aytish lozim, S.Mahmudova bir kun muqaddam chempionatning texnik solo dasturida kumush medalga sazovor bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, qit’a chempionatining sinxron suzish yo‘nalishida terma jamoamizning umumiy medallari soni 4 taga yetdi.
Chempionatning sinxron suzish bahslari bugun yakunlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA