O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari tomonidan narkotik vositalar, jumladan sintetik giyohvandlik moddalari va kuchli ta’sir qiluvchi dorivor vositalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi tezkor tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu tadbirlar doirasida bir nechta jiddiy qonunbuzarlik holatlariga chek qo‘yildi.
Poytaxt bojxonachilari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan ikki nafar shaxs to‘xtatilib, ularga nisbatan belgilangan tartibda ko‘rik o‘tkazildi. Ko‘rik davomida shulardan birining yon sumkasidan “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Tezkor harakatlar davom ettirilib, ular bilan bog‘liq yana bir fuqaroning vaqtincha yashash manzili ko‘zdan kechirildi. Ko‘rik jarayonida, dahlizdagi kurtka cho‘ntagidan 10 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi, oshxona stolida esa “mefedron” moddasi topildi. Shuningdek, Yuqorichirchiq tumanida davom etgan tezkor tadbirda ushbu shaxslarga tegishli yana bir uydan 706 dona “Regapen” preparatining noqonuniy saqlanayotgani fosh etildi.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona postida kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi shubha asosida to‘xtatildi. Shaxsiy ko‘rik vaqtida u ichki kiyimiga yashirilgan holda, 8 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini noqonuniy olib kirishga uringani aniqlandi.

Toshkent xalqaro aeroporti bojxona posti xodimlari esa Sankt-Peterburgdan kelgan yo‘lovchilar orasida qonunbuzarlikni qayd etdi. “Yashil” yo‘lakdan o‘tishga uringan fuqaroning qo‘l sumkasidan, tarkibi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘z ichiga olgan 5 quti “Androgel” dori vositasi topildi.
Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan belgilangan tartibda jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Tezkor tadbirlar davom etmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA