Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sinovli kunlarda oʻqituvchilaring qadri va fidoyiligi yana-da bilinmoqda
18:19 / 2020-04-09

Bilamizki, koʻplab rivojlangan davlatlarda oʻqituvchilik eng obroʻli kasblardan biri hisoblanadi.


Bilamizki, koʻplab rivojlangan davlatlarda oʻqituvchilik eng obroʻli kasblardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda ham oʻqituvchining nufuzini oshirish va eng obroʻli kasblardan biriga aylantirish boʻyicha qator vazifalar belgilandi.

Bu bejizga emasligi yana bir bora oʻz isbotini topdi. Bugungi sinovli kunlarda, karantin davrida oʻqituvchilar tinim bilmasdan masofaviy tarzda oʻz oʻquvchilari bilan ishlashmoqda.

Fidoyi mehnat qilayotgan oʻqituvchilar sharofati bilan farzandlarimiz televideniye orqali videodarslarni kuzatib, bilim olishmoqda.

Shuningdek, farzandlarimiz har kuni ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali oʻzlarining ustozlari bilan muloqot qilishmoqda. Pedagoglar oʻquvchilarining videodarslarni kuzatishlarini nazorat qilish barobarida har bir oʻquvchi bilan qoʻshimcha ish olib borib, vazifalar berishmoqda. Oʻquvchilari uyida bajargan topshiriqlarni internet orqali olib tekshirib borishmoqda.

Shu oʻrinda hozirgi uyda paytimizda koʻzimiz oʻngidagi oʻqituvchilarning mehnati haqida toʻxtalmoqchimiz.

Odatda kuniga 4-5 ta fan oʻtiladi. Sinfda 30-35 nafar atrofida oʻquvchi bor. Ularning har biri 4-5 ta fandan tayyorlagan vazifasini joʻnatishadi, videodarsda tushunmagan joylarini ustozidan soʻrashadi.

Boshlangʻich sinflarda aksariyat darslar bir oʻqituvchi tomonidan tashkil etiladi va ular bir vaqtning oʻzida bir nechta fan boʻyicha taʼlim berishadi.

Katta sinflarda fanlar boʻyicha oʻqituvchilar alohida hisoblansa-da, sinflar soni koʻp. Bu degani bir oʻqituvchining dars oʻtadigan sinflari boʻyicha har birida 30-35 nafar oʻquvchidan iborat alohida telegram guruhlari mavjud boʻlib, shu kabi vositalardan unumli foydalangan holda ular bilan dars qilishmoqda.

Bir kunlik faoliyatni oʻylab koʻring, oʻqituvchi nechta oʻquvchi bilan muloqot qiladi va ularga tushuntirish beradi.

Koʻrinib turibdiki oʻqituvchining deyarli butun kuni oʻquvchilari bilan oʻtmoqda.

Masofaviy taʼlim oddiy dars oʻtish tarzidan ancha murakkab va u kun davomida, gohida kechki paytda ham oʻqituvchilarni oʻquvchiga bogʻlab qoʻymoqda.

Koʻp yillar davomida afsuski, xalq taʼlimi tizimiga tekin ishchi kuchidek qarab kelingan va maktab taʼlimi tizimi ikkinchi darajaga oʻtib qolgan edi.

Hozirda maktabdagi har qanday ortiqcha majburiy mehnatni yoʻq qilish, qogʻozbozlikni kamaytirish, qoʻshimcha pedagogik yuklamalar tartibga solish va imkon boricha oʻqituvchilarga sharoit yaratib berishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi ijtimoiy mavqei va nufuzi oshmoqda.

Umid qilamizki, hozirgi sinovli kunlarda oʻqituvchilarning fidoyi mehnatlari bundan-da yuqori qadr topadi. Jamiyat tomonidan doimiy eʼtirofda boʻladi.

Aziz ustozlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy xotirjamlik va masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaydi.