Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sinovli kunlarda hamfikr, oqibatli boʻlishning hikmati katta
14:50 / 2020-04-17

... 1925-yil Shoʻrchi tumanining Xushchekka qishlogʻida tugʻilgan Oqboy Shaymardonov 16 yoshni qarshilaganda ikkinchi jahon urushi boshlanib qoldi.


... 1925-yil Shoʻrchi tumanining Xushchekka qishlogʻida tugʻilgan Oqboy Shaymardonov 16 yoshni qarshilaganda ikkinchi jahon urushi boshlanib qoldi.

Vatan taqdiri, odamlar tinchligini saqlash uchun yoʻlga otlangan Oqboy Shaymardonov umrining olti bahorini jangohlarda oʻtkazdi. U Kerch shahridagi janglarda birinchi marta oyogʻidan yaralandi. Harbiy gospitalda davolanib, yana urushga kirdi. Keyin sogʻayib, Polsha ostonalarigacha bordi. Dushman Polshadan uloqtirilgach, Kyonigsbergni ozod etish operatsiyalarida ishtirok etdi.

— Urush yillarida yashash, jon saqlash oson boʻlmadi, — deydi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Oqboy Shaymardonov. — Oʻsha vaqtlar front ortidagilarga ham oson boʻlmadi. Judolik dogʻini yelkalab, meni kutib yurgan onamni oʻylab, “Otam, akam halok boʻldi, loaqal men tirik qaytishim shart”, deb muqarrar oʻlim bilan tikkama-tikka olishdim. Snaryadlar meni olib ketolmadi. Oʻqlar oʻldirolmadi. Yovga qarshi ayovsiz kurashdim. Har soniyada oʻlim bilan yuzlashish, oʻqqa koʻksini tutib berish, ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga oson boʻlmagan. U kunlarni eslasam, navqiron yoshligim, safdoshlarimning qancha-qancha orzu niyatlari barbod boʻlgani yodimga tushadi. Ular ham yashashga, insonlarga yaxshilik qilib, ezgu ishlarni amalga oshirishga loyiq edi. Negaki, orzu-umidlar faqat tinchlik-xotirjamlik hukmron boʻlgan joydagina amalga oshadi.

Inson hayotida tinchlik, osoyishtalik juda muhim. Keksa avlod vakillari bilan hamsuhbat boʻlar ekanmiz, tinchlikning qadriga yetishimiz kerak ekanligini yana-da teranroq his etamiz.

Gapning ochigʻi, ayni kunda butun dunyoni larzaga solayotgan koronavirus tahlikasi ham tinchlikni, xotirjamlikning nechogʻlik buyuk neʼmat ekanligini yana bir bor anglatmoqda.

— Bir narsani hech qachon unutmang, xalqimiz juda oqibatli, — deya soʻzida davom etadi O.Shaymardonov. – Shunday sinovli kunlarda hamfikr, oqibatli boʻlgan yurtdoshlarimiz virus pandemiyasining ustidan ham gʻalaba qozonadi, albatta. Yaxshi kunlarning qadriga yetib, Vatanimiz ravnaqi yoʻlida mehnat qilish, ezgu ishlarni amalga oshirish, taraqqiyotga munosib hissa qoʻshish ham bir saodatdir. Hozirgi maslahatimiz, shifokorlarning aytganini qilib, hammamiz uyda qolaylik.

Nigina SHOYEVA,
jurnalist