Sinovli kunlar sabrga chorlaydi
Bugungi insoniyat sinovli kunlarni boshidan oʻtkazmoqda. Gavjum shaharlar kimsasiz, oldingi joʻshqin hayot tamomila tin olgan.
Bugungi insoniyat sinovli kunlarni boshidan oʻtkazmoqda. Gavjum shaharlar kimsasiz, oldingi joʻshqin hayot tamomila tin olgan. Odamlar bu kunlar tezroq oʻtib ketishiga umid bogʻlagancha uylarida. Barchaning qalbi va tilida bitta iltijo – ilohim, kasallikni boshimizdan arit, barchamizni hifzu himoyangda saqla.
Kasallikka qarshi kurashish, keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida davlatimiz tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, qatʼiy karantin qoidalari joriy qilingan. Aholidan imkon qadar koʻchaga chiqmaslik, ayniqsa, yoshi ulugʻ kishilarni avaylash soʻralmoqda.
Ushbu sinovni, tabiiyki kishilar turlicha qabul qilmoqda. Kimdir uning jiddiyligini his qilgan holda, karantinga rioya qilib, goʻzal sabr bilan uyida oʻtiribdi. Bunday kishilar, avvalo, Alloh taʼoloning “Allohga itoat etingiz, Paygʻambarga va oʻzlaringizdan (boʻlmish) boshliqlarga itoat etingiz” (Niso, 59) degan buyrugʻiga itoat qilgan boʻladilar. Yana Paygʻambarimiz alayhissalomdan rivoyat qilingan “Zarar berish ham va zarar koʻrish ham yoʻq” (Imom Moja, Imom Doraqutniy rivoyatlari) hadisiga ergashish orqali kasallikning tarqalishiga sababchi boʻlib qolmaydilar va oʻzlari hamda oila aʼzolarini asragan boʻladilar. Bu ishlarning zamirida ikki dunyolari uchun asqotadigan manfaatlar yotibdi.
Yana kimlarningdir beparvo koʻcha kezayotgani, ularga nisbatan qoʻllanilayotgan choralar haqida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor boʻlyapmiz, oʻzimiz koʻryapmiz, eshityapmiz. Vaholanki, hadisi sharifda “Agar sizlar u (kasallik) biror yerda tarqaganini eshitsangiz u yerga bormang. Agar siz yashayotgan yerda (u kasallik) tarqagan boʻlsa u yerdan chiqmang” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan) deyilgan. Bu islom taʼlimoti, karantin iborasining islomiy ifodasidir. Shu yoʻl orqali kasallik jilovlanishini tarix bizga bot-bot eslatib turibdi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa bir hadis ham: “Qay bir kishiga toʼun (pandemiya) yetsa va u uyida sabr bilan va savob umidida oʻtirsa hamda oʻziga Alloh yozganidan boshqa narsa yetmasligini bilsa, illo unga shahidning ajrichalik savob boʻladi”, deyish orqali karantinning muhimligini taʼkidlamoqda. Bu hadis kasallik yetgan boʻlsin, hox yetmasin, sabr qilgan, savob umid etgan va tavakkal qilgan hamma kishilarga taalluqlidir.
Baʼzilar esa bu kunlarda qoʻrquv, tushkunlik va tahlika iskanjasida qolgan. Musibat oldida oʻzini tutolmaslik zaiflik belgisi. Bu kabi holatlarda musulmon kishi vahimaga tushmasligi kerak. Zero, hikmatlarda “Aqlli inson boshiga tushgan baloni aritish harakatida boʻladi. Ahmoq esa bitta baloni ikkita qilib oladi”, deyilgan. Bu borada Abu Ali ibn Sino juda goʻzal tavsiya bergan “Vahimaning oʻzi yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sogʻlikdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir”.
Avvalo shuni taʼkidlash lozimki, hozirgi vaziyatda ehtiyotkor yoʻl tutish bilan birga, vahimaga berilishdan saqlanish kerak. Chunki bu Allohning bir sinovi boʻlib, uning albatta shifosini ham bizga yetkazadi. Imom Buxoriy bobomiz “Al-Jome as-sahih“ hadislar toʻplamida rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Alloh qaysi bir dardni tushurgan boʻlsa, uning davosini ham tushurgandir“, deganlar.
Sinovli kunlar barchamizni sabrli boʻlishga, uyda oʻzimizni ihotalagan holda, kasallikning keng tarqalib ketishiga sababchi boʻlib qolmaslikka chorlaydi.
Biz bugun karantin qoidalariga rioya qilmayotganlarga ijtimoiy tarmoqlarda har kuni takrorlanayotgan ushbu iborani yana bir bor eslatib qoʻymoqchimiz: “Kasallik yuqtirganlarning soni kamayishini istasangiz, ular orasida siz, oilangiz va yaqinlaringiz boʻlishini xohlamasangiz, uyda qoling! Unutmang: virusni biz tarqatmasak, u oʻz-oʻzicha tarqay olmaydi”.
Zayniddin ESHONQULOV,
Oʻzbekiston musulmonlari
idorasining Samarqand viloyati
vakili, viloyat bosh imom xatibi