“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining Toshkent viloyati bosqichi o‘tkazildi. Tadbirdan maqsad yoshlarni Vatanga muhabbat, harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, mardlik, jasurlik, shijoat, qat’iyat tuyg‘ularni shakllantirib borishdir.
DXX qo‘mondonligi, viloyat sport boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi va viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tgan bu galgi musobaqada jamoalar safda yurish, saf qo‘shig‘i, yugurish, turnikda tortilish, granata uloqtirish, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy bilimlar sinovi bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.



Hakamlar tomonidan ishtirokchilar har bir shart bo‘yicha baholanib borildi. Qiziqarli va bahslarga boy bo‘lgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanidagi 40-sonli maktabning “Vatanparvar” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, musobaqaning Respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Toshkent tumanidagi 26-maktabning “Lochinlar” va Qibray tumanidagi 28-maktabning “Qalqon” jamoalari 2 va 3-o‘rinlarni egalladi.
– Yoshlarning mazkur musobaqalarga qamrovini oshirishga harakat qilinmoqda. Ular uchun tanlangan amaliy shartlar ham belgilangan talablarga mos. Muhimi, ishtirokchilar bu jarayonda harbiy bo‘lishning qanchalik mashaqqatli va mas’uliyatli shu bilan birga sharafli ekanini his qilmoqda. Ishonamanki, g‘oliblarimiz musobaqaning Respublika bosqichida ham o‘zlarini ko‘rsatadi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi bo‘lim boshlig‘i Erkin Sharopov.



A.Musayev, O‘zA