Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning aprel-may oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarining pedagoglari malaka test sinovlaridan o‘tkazilishi belgilangan.
2024 yil 1 yanvardan boshlab tizim o‘qituvchilariga toifa berish jarayoni bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan inson omilisiz o‘tkaziladigan tizim orqali amalga oshirib kelinmoqda. Barcha viloyatlarda bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham malaka (test) sinovlariga 15 aprel kuni start berildi. Viloyat bo‘yicha attestatsiya jarayonida jami 14 706 nafar pedagogning ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan umumiy o‘rta, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglari ishtirokida o‘tkaziladigan joriy yilgi attestatsiya jarayonlarini sifatli tashkil qilish maqsadida maxsus “Test markazi” tashkil etildi.
Zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan, yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ega 150 o‘ringa mo‘ljallangan test sinovi xonasida jarayonlarning shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida maxsus nazoratdan o‘tish joylari, kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, kutish xonalari, hamshira xonasi, ona va bola xonasi, oshxona ham ishtirokchilar xizmatida.
– Bugungi kun o‘qituvchisi o‘z ustida ishlashdan, izlanishdan, yangilikka intilishdan to‘xtamasligi lozim. Chunki, bilim va tarbiya beruvchi insonning o‘zi doimiy ravishda izlanishda bo‘lishi lozim. O‘z ustida tinimsiz ishlaydigan bilimli o‘qituvchigina har qanday sinovdan o‘ta oladi va u nafaqat o‘quvchilari orasida, balki butun jamiyatda ham o‘ziga xos o‘rin va nufuzga ega bo‘ladi, – deydi Qorako‘l tumanidagi 3-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Mashhura Irisova.
– O‘qitish ikki karra o‘qishni talab etadi. O‘z ustida ishlagan va doimiy izlanishda bo‘lgan o‘qituvchi sinovlarda kutilgan natijaga erisha oladi, – deydi Buxoro shahridagi 21-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Nigina Kasimova. – Jarayonlar juda shaffof va adolatli tarzda o‘tdi. Test savollari har bir fan o‘qituvchisi bilishi lozim bo‘lgan savollardan tuzilgan.
[gallery-22936]
Jarayonlar joriy yilning 16 may kuniga qadar davom etadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.