Namangan viloyatida ham oliy ta’lim muassasalari uchun test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda. Jarayonlar viloyatdagi Davlatobod tumanidagi “Yuksalish” massivida barpo qilingan Respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi binosi hamda Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasining yopiq inshootlarida o‘tkazilmoqda.
Xususan, Davlatobod tumanidagi Bilim va malakalarni baholash agentligi binosida 1 ming 200 nafar abituriyent 40 guruhga bo‘lingan holda test topshirmoqda. Abituriyentlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. E’tiborlisi shundaki, ota-onalar hamda abituriyentlarga yanada qulaylik hozirlash maqsadida Namangan muhandislik-texnologiya instituti tashabbusi bilan tuzilgan “Volontyorlar guruhi” faoliyat yuritmoqda.


– Qizim Gulsanam Ergasheva test sinovlarini topshirishga keldi, – deydi Karomat Azimova. – Har holda, bir necha yillar avvalgidan farqli ravishda farzandlarimizning o‘z kuchi, bilimi bilan oliy o‘quv yurtiga kirishiga ishonamiz. Qolaversa, bugun biz ota-onalar uchun alohida kutish joylarini tashkil etilgani, katta ekranlarda jonli efirlar ulangani diqqatga sazovor. Ko‘ngillilar guruhi bizga yaqindan ko‘maklashib, qiziqtirgan savollarimizga javob bermoqda.



Darhaqiqat, mazkur guruh ota-onalar va abituriyentlar bilan suhbatlar olib bormoqda, sotsiologik so‘rovnomalar o‘tkazadi, madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda, kutish joylarida zaruriy sharoitlarni tashkil etishga yordamlashmoqda. Yangi o‘quv yili uchun viloyatda abituriyentlar soni 57 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda. Test sinovlari 13 avgustga qadar davom etadi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA