Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sinovdan o‘tkazilmagan gaz ballonlaridan foydalanish holatlari aniqlanmoqda – FVV
14:22 / 2022-01-10

So‘nggi paytlarda avtomobil gaz balloni portlashi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalar tez-tez qulog‘imizga chalinadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan 2021 yilda respublikada 13 ta holatda avtomobil gaz balloni bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lgan. Natijada 18 nafar fuqaro jarohat olgan, 4 nafar fuqaro vafot etgan.

So‘nggi yillarda respublikadagi deyarli barcha haydovchilar mashinalarining yoqilg‘i qoplamasiga metan, propan kabi gaz ballonlarni o‘rnatishi odat tusiga kirdi. Mazkur tendensiya haydovchilarning harakatlanishi uchun tanlagan eng muqobil va arzon variant sifatida ko‘rilsa, boshqa tomondan inson hayoti uchun xavotirga soluvchi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Avtomobil gaz balloni nega portlaydi?  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Favqulodda vaziyatlar vazirligi  Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik O‘lmas Muzaffarov, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov, Bug‘ qozonlari, ko‘tarish inshootlari va putur yetkazmaydigan nazoratda sanoat xavfsizligi inspeksiyasi mas’ul xodimi Jamshid Usmonov, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “O‘ztest” markazi laboratoriya boshlig‘i o‘rinbosari Javohir Roziqov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda qayd etilishicha, hozirgi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qurilgan 1 ming 200 dan ortiq avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) va 800 dan ortiq avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchalari (AGQSH) faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, gaz ballonlarini ishlab chiqaruvchi bir nechta  tashkilot mavjud.

2022 yilga qadar 1 million 570 mingdandan ortiq avtotransport vositalarida 2,5 milliondan ortiq metan gaz va 200 mingdan ortiq avtotransport vositalarida suyultirilgan gaz yoqilg‘isida ishlashga moslashtirilgan gaz ballonlari o‘rnatilgan.

Gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish vakolatini beruvchi 150ta korxona va tashkilotlarga belgilangan tartibda ruxsatnoma berilgan bo‘lsada, bugungi kunda yurtimizda ba’zi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sinovdan o‘tkazilmagan gaz ballonlaridan foydalanish holatlari aniqlanmoqda.

Ba’zi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari tomonidan gaz ballon bilan jihozlangan avtomobillarga me’yoridan ortiq gaz to‘ldirish kabi qonunbuzarlik holatlari qayd etilmoqda.

Avtomobil ballonlarining portlashiga sifatsiz (metallokompozit) ballonlardan foydalanish, ballonlarni ishlab chiqarish jarayonida texnologik kamchiliklar, avtomobillarga ballonlarni o‘rnatish va sinov ishlarining sifatsizligi va avtomobillarga siqilgan gaz quyishda ruxsat etilganidan ortiqcha bosimda gaz quyilishi  kabi  holatlar sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, avtotransport vositasidan tashqarida gaz yoqilg‘isini olib tashlash uchun shamollatish kamerasini o‘rnatmaslik ham yomon oqibatlarga sabab bo‘ladi. Yong‘in kelib chiqish sabablaridan yana biri, yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi asosiy xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslikdan ham bo‘ladi.

Aytilgan barcha jarayonlarda inson omili ishtiroki oqibatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va hozirgi holatda bu jarayonlarni doimiy nazorat qilish imkoniyati mavjud emasligi muammoni chuqurlashtirmoqda.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA