English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sinov tariqasida 10 ta OTM mustaqil moliyalashtirish tizimiga o‘tkazildi
16:39 / 2020-01-21

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.


Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda agentlik rasmiy sayti xabar bermoqda. 

Anjumanda ma’lum qilinishicha, 2020 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot, Toshkent davlat yuridik, Urganch davlat va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetlari, Samarqand davlat chet tillar, Samarqand iqtisodiyot va servis, Toshkent moliya, Toshkent davlat sharqshunoslik, Toshkent farmasevtika va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutlari tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan.

– O‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tadigan OTMlariga ta’lim bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda hamda muassasaning ilmiy-pedagogik salohiyati, uning moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olib yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash huquqi beriladi, – dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov. – Mustaqil moliyalashtirish tizimiga o‘tadigan oliy ta’lim muassasalarida davlat granti va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash davom etadi. Bu esa qabul kvotalarini nafaqat saqlab qolish, balki ularni oshirish imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimini joriy etilishi oliy ta’limning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va budjet mablag‘larining ajratilishini kamaytirmaydi, aksincha hukumat iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlashda investor bo‘lib qoladi.

Shuningdek, OTMlariga o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy etish hamda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, dasturiy ta’minotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallarini, kitoblar, jurnallar, o‘quv adabiyotlarini xarid qilish va chop ettirish uchun mablag‘larni mustaqil sarflash huquqi beriladi.

Ushbu imkoniyatlar oliy ta’lim tizimi xodimlari nufuzini oshirishga, mehnatga munosib haq to‘lash orqali OTMlariga yosh iqtidorli va istiqbolli mutaxassislarni jalb etish, sohada sog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirishga xizmat qiladi.

Vazirlik axborot xizmati rahbari Farhod Babashevning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizimga o‘tayotgan OTMlarida to‘lov-kontrakt narxlarining keskin oshib ketmasligi, qo‘shimcha mablag‘ topish maqsadida mavjud imkoniyatlarga zid ravishda ortiqcha qabulning amalga oshirilmasligi, eng muhimi sohada korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun mazkur 10 ta OTMdagi o‘quv jarayonlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda qat’iy nazoratga olinadi.