Sinov davri tadbirkorlar uchun yana bir imkoniyat
Bunday xayrli ishlarda Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani tadbirkorlari ham faol qatnashib, aholiga har tomonlama koʻmak berayotir.
El boshiga ish tushganda
Bugungi karantin sharoiti mamlakatimiz tadbirkorlariga ham katta masʼuliyat yuklamoqda. Chunki bu davrda ular xalqni qoʻllab-quvvatlash bilan bir qatorda oʻz faoliyatini davom ettirib, yangi loyihalarni amalga oshirishga ham qoʻl urmoqda.
Bunday xayrli ishlarda Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani tadbirkorlari ham faol qatnashib, aholiga har tomonlama koʻmak berayotir.
OʻzA muxbiriga Yangiyoʻl tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Rayhon Xolmurotova bu haqda quyidagicha maʼlumot berdi:

– Global muammoga aylanib ulgurgan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishdagi eng muhim talab – bu tozalikka rioya etish va muntazam niqob taqib yurishdir, – dedi R.Xolmurotova – Shunga asosan tuman hokimligi tashabbusi bilan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlagan holda bir nechta tikuv sexlari yoʻlga qoʻyildi. Karantin uchun maxsus kiyim va niqoblarni tikayotgan mazkur “Yangiyoʻl – 2020” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 60 nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi.
“Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida tumanning “Nihol” mahallasidagi 16 gektar yer 84 nafar yoshga biriktirib berildi. Ishli boʻlgan yoshlarga urugʻ va koʻchatlar sotib olishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 200 million soʻm subsidiya mablagʻi ajratildi. Muhimi, bu jarayonda ilk bor qishloq xoʻjaligiga kirib kelayotgan kelajagimiz egalariga malakali, asl mutaxassis fermerlar biriktirildi.
Kam taʼminlangan oilalar ham tadbirkorlarimiz saxovatidan bahramand boʻlmoqda. Masalan, 930 nafar mahalliy tadbirkor tomonidan jami 1211 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari yetkazib berildi.

Kambagʻal oilalarni qisqartirish boʻyicha ham choralar qoʻrilmoqda. Bunda 6 301 nafar fuqaroni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan.
Yurtimizda karantin joriy etilgan boʻlsa-da, tuman eksportyorlari faoliyati toʻxtatagani yoʻq. Misol uchun, ular 2020-yil yanvar-aprel oylarida jami 19,7 million dollar (98,6 foiz) mahsulot eksport qildi. Bunda 17,2 million dollar miqdoridagi mahsulot sanoat, 2,5 million dollarlik mahsulot esa qishloq xoʻjaligi korxonalari hissasiga toʻgʻri keldi.
Yirik shoxli mollar va burdoqichilikka ixtisoslashgan “PROMEAT” MCHJ faoliyati haqida ham alohida toʻxtatalib oʻtish lozim. Korxona tomonidan shu yilning aprel oyida Ukrainadan 420 bosh “Golshtin” zotli sut beruvchi sigir, Chexiyadan 159 bosh “Semental” zotli qoramol keltirildi.

Korxona rahbari U.Mutalovning taklifiga koʻra, ishsiz, uyda oʻtirgan aholi uchun uy sharoitida boqish uchun sunʼiy urugʻlantirilgan (qochirilgan) sigirlar berish rejalashtirildi. Ushbu sigirlardan olingan buzoq urgʻochi boʻlsa, xonadon egasiga hadya tariqasida beriladi. Agar buzoq erkak boʻlsa, tadbirkor tomonidan kelishilgan narxda sotib olinadi.
Mamlakatimizda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati boshlanishi esa xalqimizning qadim anʼanalari bardavom ekanidan dalolat bermoqda. Shu maʼnoda aytish kerakki, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, nogiron, boquvchisini yoʻqotgan, koʻp bolali oilalar Yangiyoʻl tumani hokimligining doimiy eʼtiborida.
Yaqinda hokimlik tomonidan Said ota mahallasida ijarada yashovchi, ikki farzandning yolgʻiz boquvchisi R.Ahmedovaga oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga ijtimoiy uyning kaliti va sertifikati topshirilishi, A.Choʻtbayevaga oziq-ovqat, dori-darmon vositalari va uy-joylarini taʼmirlash uchun bir yuk mashina gʻisht berilishini ana shunday azaliy udumlarimizga sodiqlikning yaqqol namunasi deyish mumkin.
OʻzA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAYEVA
yozib oldi.