“Arab news” nashri xabar berishicha, Singapurda geroin savdosida ayblangan 39 yoshli erkak qatl etildi. Muhammad Solih Adul Latif 2019 yil 55 grammga yaqin geroinni “savdo qilish maqsadida” saqlagani uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan edi.
Jazo payshanba kuni amalga oshirildi, deyiladi giyohvand moddalar bo‘yicha Markaziy Byuro bayonotida.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Muhammad Solih 2016 yil hibsga olinishidan oldin kurer-haydovchi bo‘lib ishlagan. Sud jarayonida u qarzi bo‘lgan do‘sti uchun sigaret yetkazib berayotganiga ishonganini da’vo qilgan.
Hukumat pandemiya bilan bog‘liq ikki yillik tanaffusdan so‘ng, 2022 yil mart oyida qatl amaliyotini qayta boshladi. Adul Latif shundan buyon dor tagiga olib kelingan 16-mahbus bo‘ldi.
Huquq himoyachilari qatl jazosini qoralab kelishsa-da, Singapur giyohvand moddalar savdosi uchun oliy jazo qo‘llashda davom etmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ushbu mamlakatni o‘lim jazosiga moratoriy joriy etishga chaqirdi.
Ayni masala bo‘yicha xalqaro bosim kuchayib borayotganiga qaramay, Singapur o‘lim jazosi giyohvand moddalar savdosiga qarshi samarali vosita ekanini ta’kidlamoqda.
O‘zA