Shu hafta Singapurda giyohvand modda tarqatishda ayblangan ayol osib o‘ldiriladi.
Bunday voqea mamlakatda 20 yil ichida birinchi marta sodir etilmoqda, deya xabar tarqatdi “CNA” portali.
Nashr tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, mahbus Saridevi Jamani juma kuni dor yoniga olib boriladi. Unga 2018 yil, taxminan, 30 gramm geroin sotgani uchun o‘lim jazosi berilgan.
Hukm ijro etilsa, Saridevi mamlakatda 2004 yildan buyon qatl etilgan birinchi ayol jinoyatchi bo‘ladi. O‘shanda 36 yoshli sartarosh Yen Mey Voyen noqonuniy giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullangani uchun osib o‘ldirilgan.
Bu ma’lumotni inson huquqlari bo‘yicha mahalliy “Transformative Justice Collective” (TJC) tashkiloti faoli Kokila Annamalay tarqatgan.
Aniqlik kiritilishicha, chorshanba kuni yana bir jinoyatchi, 50 gramm geroin sotgan erkak ham qatl etilishi kerak.
“TJC” bayonot berishicha, ikkala jinoyatchi ham singapurlik, ularning oila a’zolari hukm ijrosi kunidan xabardor qilingan.
Singapurda ayrim jinoyatlar, masalan, qotillik va odam o‘g‘irlash uchun o‘lim belgilangan. Jumladan, giyohvand moddalar savdosi uchun ham eng og‘ir jazo ko‘zda tutilgan. Ya’ni, 500 grammdan ziyod kannabis yoki 15 grammdan ko‘p geroin sotishda ishtirok etgan jinoyatchi o‘lim jazosiga hukm qilinadi.
Hukumat COVID-19 pandemiyasi sabab e’lon qilingan ikki yillik tanaffusdan keyin yana o‘lim jazosini tikladi. Shundan buyon 13 kishi osib o‘ldirilgan.