Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillaridan iborat delegatsiya ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda istiqboldagi rejalarni belgilab olish maqsadida Singapurga tashrif buyurdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tashrif davomida Singapur ta’lim tajribasini o‘rganish hamda mamlakatimizga tatbiq etish bo‘yicha bir qator vazirlik va idoralar bilan muzokaralar bo‘lib o‘tgan.
Xususan, tashrifning ilk kunida Ta’lim inspeksiyasi vakillari va Singapurdagi nodavlat oliy ta’lim muassasasi «TMC Academy» bosh direktori o‘rinbosari Kendrik Tan bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Kendrik Tan «TMC Academy»ning Toshkentdagi filiali faoliyatini yanada kengaytirish rejasi bilan o‘rtoqlashdi.
Unga ko‘ra, institutning moddiy-texnik bazasi va ta’lim faoliyati ikki bosqichda kengaytiriladi. Birinchi bosqichda keyingi ikki yil davomida umumiy qiymati 10 million AQSH dollaridan oshmagan 2 ta yangi o‘quv binosini quriladi. Ikkinchi bosqichda Respublikaning boshqa hududlarida (xususan, Toshkent viloyatida) institutning yangi kampuslarini qurish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalarda, jumladan, axborot texnologiyalari, moliyaviy texnologiyalar, kiberxavfsizlik hamda doktorantura dasturlarida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishga kelishib olishdi.
O‘zA