Suv ta’minoti sohasini rivojlantirish, aholini sifatli toza ichimlik suvi bilan ta’minlash davlatimizning diqqat markazidagi muhim masalalardan.
Xususan, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilgan holda xalqaro tajribadan unumli foydalanish kelajakda soha faoliyatini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Suv ta’minoti sohasida dunyoning ilg‘or mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirish, ularning tajribasini sohaga olib kirish, malakali mutaxassislarni jalb etish, hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish "O‘zsuvta’minot" aksiyadordik jamiyati oldida turgan asosiy vazifalardandir.
Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni davom ettirish maqsadida "O‘zsuvta’minot" AJ va Alpha Global Capital (s) Pte Ltd kompaniyasi (Singapur) o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida suv ishlab chiqarish va suv tozalash tizimini joriy qilish loyihasini ishga tushirish bo‘yicha hamkorlik haqida kelishuvga erishildi.
Ushbu kelishuvga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi aholi yashash joylarida har birining taxminiy qiymati 6 million dollar bo‘lgan pilot loyihalar ishga tushiriladi.
Singapurda chuchuk suv tanqisligi bois bu muammoni bartaraf etish maqsadida dengiz va sho‘r suvlar, tozalanmagan suvlarni tozalash texnologiyasidan keng foydalaniladi. Bunday texnologiyalar energotejamkor va yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi.
Singapurda turli loyihalar ustida ishlayotgan tadqiqot markazlari, xalqaro va mahalliy suv ta’minoti kompaniyalari soni ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ulardan biri Alpha Global Capital (s) Pte Ltd kompaniyasi. Mazkur kelishuvga ko‘ra, kompaniya o‘zining texnik ekspertlari (mutaxassis va muhandislari) ni Qoraqalpog‘iston va Xorazmga yuboradi. Bu ekspertlar loyiha maydonini o‘rganishadi, "O‘zsuvta’minot" AJ rahbariyati va mutaxassislari hamda Qoraqalpog‘istonning boshqa tegishli vazirlik, idoralar vakillariga onlayn konsultatsiyalar o‘tkazadi.
Shuningdek, 2021 yilning birinchi yarmida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga tayyorgarlik ishlarini tugatish uchun barcha zaruriy choralar ko‘riladi.