Bugun, 22 dekabr kuni Hindistonning Mumbay shahrida shaxmat bo‘yicha 6 ta jamoa ishtirokida o‘tayotgan “Global Chess League” xalqaro turnirining yarim final va final o‘yinlari oldidan so‘nggi musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
Unda mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorov dona surayotgan “Ganges Grandmasters” jamoasi Hikaru Nakamura boshchiligidagi “American Gambits” jamoasiga qarshi harakatlanadi.
Kecha o‘tkazilgan o‘yinda Vishvanatan Anand sardorligidagi “Ganges Grandmasters” shaxmatchilari Alireza Firuzja yetakchiligidagi “Triveni Continental Kings” jamoasiga 5-14 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Mazkur o‘yinda Javohir Vidita Santosh Gujratini mag‘lub etgan bo‘lsa-da, uning yutug‘i jamoasini mag‘lubiyatdan qutqaritb qola olmadi.
Bugun o‘tkaziladigan final o‘yinlari oldidan kechadigan oxirgi bahsda Javohir Sindorov Richard Rapportga ro‘baro‘ keladi.
Aytish lozim, hozirda “Ganges Grandmasters” jamoasi 12 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra kuchli to‘rtlikdan o‘rin olgan vaziyatda “American Gambits” 9 ochko jamg‘argan holda so‘nggi pog‘onani band etgan.

“Global Chess League” xalqaro turnirining uchinchi bosqich musobaqalarida eng yaxshi natija ko‘rsatgan shaxmatchilar reytingida 22 ball jamg‘argan Alireza Firuzja va Javohir Sindorov karvonboshilik qilmoqda. Ulardan keyingi qatorlarni egallagan “UpGrad Mumba Masters” a’zosi Daneshvar Bardiya va “Alpine SG Pipers” a’zosi Nino Batsiashvilida 20 ball mavjud.
Eslatib o‘tamiz, “Global Chess League” xalqaro turnirining uchinchi hal qiluvchi bosqichi final va 3-o‘rin uchun kechadigan o‘yinlari 23 dekabr kuni tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA