Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Simulyatsion ta’lim: amaliyot va xorijiy tajriba
15:06 / 2022-10-25

Andijon davlat tibbiyot institutida “Tibbiyotda simulyatsion ta’limni tashkil etish va uning istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz, Rossiya va qozog‘istonlik olimlar, soha mutaxassislari, yosh olimlar, talabalar ishtirok etgan tadbirda Andijon davlat tibbiyot institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Kamoliddin Salohiddinov, ROSOMED (Rossiya) prezidiumi boshqaruvi raisi Aleksandr Kolsh, “Korporativ tibbiyot markazi” kompaniyalar guruhi (Rossiya) bosh direktori Sergey Antipov ilmiy anjumanning maqsad va vazifalari, tibbiyotda simulyatsion ta’limni rivojlantirish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash xususida gapirdi.

Anjumanning plenar yig‘ilishida olimlarning “Andijon davlat tibbiyot institutida simulyatsion ta’limni tashkil etish bosqichlari va istiqbollari”, “ROSOMED jamiyati – tibbiy ta’limda sifat va innovatsiyalar”, “Masofaviy sog‘liqni saqlashda simulyatsion tibbiyotning roli. Xalqaro tajribalar”, “Anesteziolog-reanimatologlarni tayyorlash va sertifikatlashda yuqori realistik simulyatsiya”, “Simulyatsiya markazini tashkil etish va VR-simulyatorida katarakta fakoemulsifikatsiya ko‘nikmalarini o‘rgatish”, “Tibbiyot xodimlarini tayyorlashda virtual texnologiyalar” mavzularida ma’ruzalari tinglandi, simulyatsion ta’limni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishdagi yutuq va muammolar atroflicha muhokama qilindi.

– Mamlakatingizda, xususan, Andijon davlat tibbiyot institutida simulyatsion ta’limni shakllantirish va rivojlantirish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligining guvohi bo‘ldik, – deydi M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Fundamental tibbiyot fakultetining klinik modellashtirish va manual ko‘nikmalar kafedrasi tyutori Lyubov Shubina. – Mazkur yo‘nalishda hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro tajribalarni o‘rganish soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda anjuman barcha ishtirokchilar, ayniqsa, yurtingiz olimlari, yosh mutaxassislari uchun o‘ta foydali bo‘ldi.

Shundan so‘ng mashg‘ulotlar ilmiy va amaliy dasturlar asosida seksiyalar doirasida davom etdi. Mutaxassislarning mavzu doirasidagi qiziqarli ma’ruzalari tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, umuman, simulyatsion ta’limni rivojlantirish, sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, tajriba almashish, xalqaro va ilg‘or tajribalarni o‘rganish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

– Anjuman mutaxassislarimizga tibbiyotda simulyatsion ta’limni yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish imkonini berdi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madaminjon Madazimov. – Qolaversa, bu borada institutimizda olib borilayotgan ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga yordam beradi.

Andijon davlat tibbiyot institutining iqtidorli talabalaridan tarkib topgan “Life support team” jamoasi tomonidan favqulodda vaziyatlarda bemorlarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish usullari amaliy mashqlar yordamida ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.

Xorijlik olimlar tomonidan mavzu doirasida mahorat darslari o‘tkazildi. Xalqaro anjuman yakunida tibbiyotda simulyatsion ta’limni samarali tashkil etish va rivojlantirish yuzasidan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqildi.

F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV(surat), O‘zA