Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Simpozium: eski do‘stlar o‘rtasida yangi ko‘prik
09:46 / 2024-03-12

Samarqand davlat universiteti Ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasi va Ummon minimal invaziv jarrohlar guruhi tomonidan “Avitsenna vatanida: eski do‘stlar o‘rtasida yangi ko‘prik qurish yo‘lida” deb nomlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda bugungi kunda minimal invaziv jarrohlik amaliyotlarini keng qo‘llash, bunda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, vrachlarning bilim va malakasini oshirish, bu boradagi xalqaro tajriba haqida so‘z yuritildi.

Ummon xalqaro klinikasi va Aster klinikasi vrachlari, jahon toifasidagi xirurglar – doktor Raad al-Mehdi va doktor Yahyo al-Azri o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi hamda yurtimiz jarrohlari uchun mahorat darslari o‘tdi. Shuningdek, samarqandlik mutaxassislar bilan birgalikda bir qator jarrohlik amaliyotlari bajarildi, ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasida davolanayotgan bemorlar ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur tavsiyalar berildi.

Operatsiya jarayonini simpozium ishtirokchilari bevosita kuzatib bordi va mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.  

– Yuqori texnologiyali zamonaviy jarrohlikni rivojlantirish klinikamiz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, – deydi Samarqand davlat universiteti Ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasi bosh vrachi, professor Jamshid Shamsiyev. – Shu bois xodimlarga minimal invaziv jarrohlikning zamonaviy usullarini o‘rgatish, mamlakatimiz va jahonning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlik qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil Samarqandda yurtimizda ilk bor Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyati (ELSA)ning “Ipak  yo‘lida minimal invaziv xirurgiya” mavzuidagi I bahorgi kongressini o‘tkazgandik. Shuningdek, Rossiya, Koreya va boshqa davlatlardagi yetakchi tibbiy muassasalar bilan ushbu yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Endilikda bu borada Ummo Sultonligidagi dunyoga mashhur klinikalar bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqchimiz.  

Simpozium doirasida mamlakatimiz va Ummon sultonligi jarrohlarining uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda kelgusi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari