Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali atrofida 260 gektar maydonda barpo etilgan “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik markazi milliy va zamonaviy bunyodkorlikning eng go‘zal namunasi hisoblanadi.
Ushbu majmua eshkak eshish kanalining shimolida kongress markazi, 8 ta hashamatli mehmonxona, ekoqishloq, “Abadiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi va savdo maydonchalaridan iborat.
“Wellness Park” majmuasi bosh menejeri Tomas Nollning ta’kidlashicha, ushbu hududda joylashgan mehmonxonalarda nafaqat dam olish, balki sog‘lomlashtirishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

– “Wellness Park” majmuasi o‘zida to‘rtta mehmonxonani jamlaydi. Ularning har birida sog‘lomlashtirish bo‘limlari mavjud. “Afrosiyob” mehmonxonasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, unda asosiy insonning umumiy salomatligi bo‘yicha muolaja qilinadi. “So‘g‘d”da ortiqcha vazndan xolos bo‘lish, “Baktriya”da fizioterapiya va “Turon”da o‘pka kasalligi muolajasiga mo‘ljallangan. “Wellness Park” majmuasining asosan xalqaro turizm uchun hissasi katta bo‘lyapi. Hozirgi kunda majmuaning yaxshi faoliyat yuritayotganligi sababli xalqaro sayyohlik 60 foizga o‘sgan. Bu yerning ekotuzilmasi juda ajoyib bo‘lib, uning atrofidagi 30 mingdan ortiq daraxtlar ekilgani havoning yanada toza bo‘lishiga muhim omil bo‘lmoqda, – dedi janob Tomas Noll.
Ushbu hududda qad rostlagan yana bir inshoot, bu Kongress markazidir. U sharqona uslubda katta panoramali derazalar bilan qurilgan. Zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan yuqori texnologiyali zal kongresslar, konferensiyalar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar, taqdimotlar uchun mo‘ljallangan.
– “Grand Hall”ning umumiy maydoni 3709 kvadrat metrni tashkil etadi. U 3 ming o‘rinli bo‘lib, besh zaldan iborat. Ularning har birida ikkitadan ekran bor. Ushbu ekranlar orqali ishtirokchilar tashkil etilayotgan tadbirlardagi jarayonlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi, – dedi Kongress markazi direktori o‘rinbosari Akmal Nazirov.

“Abadiy shahar” ushbu majmuaning asosiy e’tiborli manzili bo‘lib, unda milliy me’morchilik, hunarmandchilik va ustakorlik an’analari yanada yaqqol namoyon bo‘lgan.
– “Adabiy shahar” majmuasi menga juda yoqdi, – dedi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan "Mahalla" radiokanali muxbiri Dildora Matyoqubova. – Negaki, Samarqanddagi ushbu majmualar haqida ko‘p va xo‘p yozishdi. Shu sababli, bu yerga kelish va uni tomosha qilish niyatida edim. Yaqinda “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik markazi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur uyushtirdi va unda men ham qatnashdim. Ochig‘ini aytsam, ushbu xalqaro markaz o‘ziga xosligi kishini lol qoldiradi. Ayniqsa, milliy hunarmandlikni o‘zida jamlagan “Abadiy shahar” majmuasi odamlar bilan gavjum. Bu yerdagi mohir ustalar, rassomlar, hunarmandlar, yog‘och o‘ymakorlari, kulollar va naqqoshlar – O‘zbekiston xalqi qodir bo‘lgan eng asl ne’matlarning bor negizi va mohiyati namoyishi sifatida har bir xorijlik mehmonda katta qiziqish uyg‘otadi. “Abadiy shahar” majmuasida 100 dan ortiq xalq hunarmandchiligi va amaliy san’ati vakillarining ustaxonalari joylashgan. Ular o‘zbek kulolchilik, o‘ymakorlik, ipakchilik namunalari, milliy liboslar va suvenirlar, so‘zanalar va gilamlarni shu yerning o‘zida yaratmoqda. Shuningdek, bu yerda taniqli rassomlar va dizaynerlarning ustaxonalari hamda shourumlariga ham o‘rin berilgani e’tiborga loyiq. Press-tur yakunida biz “yashil makon” aksiyasi doirasida daraxtlar ham ekdik .
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA