Yaqin-yaqingacha odamlar sil kasalligiga chalingan bemorlardan o‘zini uzoqroq tortishga, iloji boricha bu toifadagi bemorlar bilan aloqalarni cheklashga harakat qilardi.
Eng achinarlisi, sil kasaliga chalingan bemorlarning o‘zlariga nisbatan ishonchsizligi, tushkun kayfiyati, jamiyatdan uzilib qolayotganini ich-ichidan sezib, yolg‘izlanib qolishi edi.
Agar 90 yillardagi vaziyatga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mamlakatimizda bu kasallikka moyillik darajasi ancha yuqori ko‘rsatkichlarda ifodalanganini ko‘ramiz.
Bugun-chi, jamiyat hayotidan uzoq bo‘lmagan, teran fikrli insonlar bu bordagi jiddiy o‘zgarishlar, ayniqsa odamlar ongidagi yangicha dunyoqarashning guvohi bo‘lmoqda. Mamlakatimizda ijtimoiy kasallanish son va sifat jihatidan bugun mutlaq boshqacha ko‘rinishda o‘zini namoyon etmoqda.
Poytaxtimizdagi «Hyatt Regency» mehmonxonasida tashkil etilgan seminarda Sil kasalligining oldini olish va davolash sohasida nodavlat va notijorat tashkilotlar ishtiroki hamda davlat buyurtmasining ahamiyati borasida gapirildi.
“INTILISH» Respublika axborot ta’lim markazi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda kasallikning oldini olish va bartaraf etishdagi xalqaro loyihaning hisoboti eshitilib, tahlil natijalari muhokama qilindi.
“INTILISH” Respublika axborot ta’lim markazi rahbari Tatyana Nikitina sil kasalligining oldini olish va davolash sohasida davlat buyurtmasining ahamiyati, bu boradagi ishlarni tartibga solish, o‘rganishlar borasidagi ijtimoiy yakuniy hisobotga mutaxassislarning xulosalarini taqdim etar ekan, jumladan, shunday dedi: – O‘zbekiston respublikasi Prezidentining «Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan Nodavlat-notijorat tashkilotlarning silga qarshi kurash tadbirlarini amalga oshirishga jalb qilish, shu bilan birga, sil kasalligini yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarga (bolalar, muloqotdagi shaxslar, somatik profildagi bemorlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar va boshqalar) ijtimoiy-ruhiy ko‘mak berishi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, davra suhbati ishtirokchisi Lola Qalandarova Xalqaro loyihaning ijrosi profilaktik va davolash chora-tadbirlarining sifatiga ta’sir etishini e’tirof etdi. Bemorlar va ularning yaqinlarining sil bo‘yicha xabardorligini oshirish, davolanishga bo‘lgan istagini kuchaytirish maqsadida qilinayotgan manzilli tadbirlar haqida gapirdi. Ruhiy va ijtimoiy qo‘llab‐quvvatlash bo‘yicha ma’lumot
olish imkoniyatini beruvchi samarali ish usulining tizimli yo‘lga qo‘yilganligi notibbiy yordamni takomillashtirishda dolzarblik kasb etishini ta’kidladi.
«Sil kasalligini ambulator sharoitida davolashning 3 bosqichli loyihasi O‘zbekistonda 2017 yilning 2 oktyabridan 2018 yilning 28 dekabrgacha bo‘lgan davrda moliyalashtirildi. “INTILISH” Nodavlat Notijorat axborot‐ta’lim markazi OITS, sil va bezgakka qarshi kurash bo‘yicha Global jamg‘arma bilan hamkorlikda bemorlarni psixologik qo‘llab‐quvvatlash va ijtimoiy yordam ko‘rsatish qo‘llanmasini yaratdi. Ish jarayonida olib borilgan natijalar bo‘yicha «Sil kasalini davolashning ambulator modeli» axborot bloki, «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida» va «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida»gi Qonunlar bilan to‘ldirildi.
Silga qarshi kurash borasidagi milliy dasturni mustahkamlashda ko‘zlangan natijaga erishish uchun davlat va nodavlat tashkilotlarning hamkorlikdagi ishlarini kuchaytirishimiz kerakligi aytildi. Bu borada Global jamg‘arma tomonidan moliyalashtirgan TB‐REP grant loyihasi jamoat sog‘liqni saqlash tizimida silga qarshi kurashishning eng muhim bosqichlaridan biri hisoblanishi ta’kidlandi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yer yuzidagi 10 milliondan ziyod aholisi sil bilan kasallanib, 1,4 million kishi shu kasallik tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Dunyo miqyosidagi hisobotlarga ko‘ra, sil kasalliklari soni yil sayin kamayib bormoqda.
Dunyo miqyosida 2000-2017 yillarda sil kasalligi 1.5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2016‐2017 yillar mobaynida 1.8%. chiqib oldi.
«Mahalla va oila vazirligi yetakchi mutaxassisi Maqsuda Mahmudovaning fikricha, loyihadan ko‘zlangan natija olishni istasak, aholi orasiga kirib borish, jamoatchilik bilan ko‘proq targ‘ibot ishlarini amalga oshirish zarur.
Ma’lumotlariga ko‘ra, hamon respublikamizda silga qarshi ko‘pgina dorilarga turg‘unlik muammosi saqlanib qolmoqda.
Silga qarshi kurash Milliy dasturi yordamida 70 foizdan ziyod yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Tibbiy muammolar chegarasidan chiqilib, qator iqtisodiy, huquqiy, ruhiy-ijtimoiy muammolarga yechim topildi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, davolash-profilaktika muassasalarida latent silni tashxislash va preventiv davolashga yondashuvlarni aniqlashning yangi tizimi yaratildi.
Davlat byudjeti parametrlari doirasida Sil immunodiagnostikasining, shu jumladan, tuberkulinodiagnostika, diaskin test, kvantiferon testning zamonaviy usullari tatbiq etildi. «Sog‘liqni saqlash» sohasi bo‘yicha xarajatlanadigan byudjet mablag‘lari doirasida OITS, sil va bezgakka qarshi kurash (sil komponenti) Global jamg‘armasi grant mablag‘lari GDF (Global drug facility) sertifikati bilan tasdiqlangan silga qarshi dori vositalarini markazlashgan asosda xarid qilish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
«Silni yo‘q qilish» strategiyasida ko‘rsatilgan o‘lim holatlarini kamaytirish 2020 yilga kelib 4 ‐5% tashkil etdi. 2025 yilda 10 foizgacha yetishi mumkin.
O‘tkazilgan davra suhbatida tashkilotning Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax, Namangan va Toshkent shahri va viloyatlari bo‘limlari mutasaddilari ishtirok etdi.
Gulchehra MIRZAEVA, Toshkent tibbiyot
akademiyasi matbuot kotibi