Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sil – ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lgan kasallik
17:19 / 2023-03-24

24 mart — Butunjahon silga qarshi kurashish kuni!

Sil – insoniyatga ma’lum bo‘lgan eng qadimiy xastaliklardan biridir. Eramizdan avvalgi V asrda qadimgi yunon olimi Gippokrat ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lgan ushbu kasallikka ta’rif bergan. Statistikaga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 8-10 million kishi silning yuqumli turlari bilan qayd etiladi va qariyb 3 million kishi sildan vafot etadi.

Uzoq yillik tarixga ega ushbu xastalik bugun ham yo‘qolib ketmadi.

– Endigina 20 ga to‘lganimda shifokorlar menga sil kasalligi tashxisini qo‘yishdi, – deydi bemor Nasima O‘ljayeva (ism-sharif o‘zgartirilgan). – Shunda dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinib ketdi.  Butun vujudimni «endi bu kasallikdan tuzalmayman», degan xavotirli his chulg‘ab oldi. O‘zim Surxondaryo viloyatining olis hududida istiqomat qilaman. Oila a’zolarimning qistovi bilan davolanish uchun poytaxtga keldim. Muolaja jarayonida uzoq muddat ota-onamdan, yaqinlarimdan yiroqda yashashimga to‘g‘ri keldi. Atrofimdagi bemorlarning ko‘pi 20-40 yoshdagi kishilar, ya’ni mehnatga layoqatli va tug‘ish yoshidagi ayollar edi.  

Kasallik aniqlanganida shifokorlar mendan naslimizda bu kasallik bilan og‘riganlar bor-yo‘qligini surishtirdi. Bobom aynan shu sil xastaligi sababli bu yorug‘ olamni tark etganini aytdim. Mutaxassislar bugungi zamonaviy tibbiyot aksariyat sil kasalliklarini davolash imkoniga ega ekanligini ta’kidladi. Agar kasallikni aniqlash va davolash to‘g‘ri, qat’iy nazorat ostida va to‘xtatib qo‘yilmasdan olib borilsa, bemor, albatta, sog‘ayib ketish mumkin ekanligini qayd etdi. Bir necha yillardan buyon maxsus kuzatuv ostida muolaja olib kelyapman. Hozir ahvolim ancha yaxshi... 

Sil kasalligi havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan kasalliklar turiga kiradi. Agar o‘pka sili bilan kasallangan bemor sil tayoqchalarini ajratayotgan bo‘lsa, epidemiologik jihatdan xavfli hisoblanadi, chunki har bir sil tayoqchasi ajratayotgan bemor 1 yil mobaynida 10 dan ortiq boshqa shaxslarga, ayniqsa bemor bilan muloqotda bo‘lganlarga yuqtirish manbai bo‘lishi mumkin.  

Soha mutasaddilarining so‘zlariga ko‘ra, silga chalingan insonlarda eng birinchi galda yo‘tal kuzatiladi. Shu bilan birga, quvvatsizlik, ko‘p terlash, ko‘krak qafasida og‘riq, ishtaha pasayishi, ozib ketish, tez charchash kabi holatlar ham bemorni bezovta qilishi mumkin. Ular ko‘pincha bunday belgilarga e’tibor qilavermaydi va shifokorga murojaat etmay, o‘zi mustaqil davolanishga urinadi. Biroq keyinchalik bu belgilar zo‘rayib, bemor qon aralash balg‘am tuflay boshlaydi. Bu esa xastalik ancha kuchayib ketganidan dalolat beradi.  

Sil kasalligi inson organizmi to‘qimalarini zararlashi bilan xavflidir. Ammo sog‘ayishni istagan har-bir bemor shifokor tavsiyalarini to‘la-to‘kis bajarishi hamda qat’iy amal qilishi lozim. Shundagina u o‘zi uchun ham, atrofdagilar uchun ham xavf tug‘ilishining oldini oladi.  

Muhayyo Toshqoreva, O‘zA