Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sijjak” dam olish maskani hamda “Qizil suv sport-sog‘lomlashtirish” majmuasi sotuvga qo‘yildi
13:35 / 2021-04-17

Mamlakatimizda keng ko‘lamda olib borilayotgan xususiylashtirish jarayonlari, ob’ektlarni ochiq va shaffof sotish tizimlari bilan jurnalistlarni yaqindan tanishtirish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan mahalliy va xorijiy OAVlari, jurnalistlar va blogerlar uchun Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi ommaviy savdolarga chiqarilgan davlatning “Sijjak” dam olish maskani hamda “Qizil suv sport-sog‘lomlashtirish” majmuasiga press-tur tashkil etildi.

Mutaxassislar “Ikkinchi Shvetsariya” deb ta’riflaydigan «Sijjak» dam olish maskani shaffoflik prinsipi asosida ommaviy savdolar orqali sotuvga qo‘yilgan.

Press -tur davomida “Sijjak” dam olish maskani haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldik. Tyan-Shan marvaridi deb nomlangan Sijjak kurort zonasi dengiz sathidan 959 metr balandlikda, Pskem daryosi vodiysining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan. Yer uchastkasining umumiy maydoni 5,4 ga, bino va inshootlarning maydoni 5016,1 kv.m. Kompleks hududida mehmonxona, amfiteatr, kottej, suv minorasi va restoran, kinoteatr, barlar, diskoteka, internet, sauna, sport zallari, ochiq va yopiq suv havzalari, kottejlar mavjud ekan. Bu hududga xos bo‘lgan klassik dam olish maskani.

Mazkur dam olish maskani bunyod etilganiga yetti yildan oshgan bo‘lsa-da, birorta buyum yoki jihozning ohori to‘kilmagan. Yana bir jihati, ob’ekt xushmanzari, havosi shifobaxsh, viqorli tog‘ va kengliklar bilan o‘ralgan. Eng asosiysi, yuksak did bilan bunyod etilgan. Qolaversa, eng so‘nggi rusumdagi brend jihozlar, billur qandillar, noyob buyumlar bilan jihozlangan.Ayniqsa, dam olish maskanidagi bog‘da xorij davlatlaridan keltirilgan dekorativ archa, daraxtlar, turfa rangdagi lolazor har bir odamga zavq bag‘ishlaydi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Bo‘stonliqdagi “Sijjak” oromgohi Birinchi Prezidentning qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan, 2017 yil fevralida sud ajrimi bilan musodara qilingan edi. Keyinchalik bu maskan Triatlon federatsiyasiga vaqtincha tekin foydalanishga berilgandi.

Press-tur davomida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Qizil suv qishlog‘ida joylashgan “Qizil suv sport-sog‘lomlashtirish” majmuasi bilan ham tanishdik. Yer uchastkasining umumiy maydoni 5,9 gektar, bino va inshootlarning maydoni 2746,2 kvadrat metrni tashkil etadi. Majmua bir vaqtning o‘zida 110 mehmonni qabul qila oladi. Bu yerda 2 ta yotoqxona, 8 ta kottej, ovqat xonasi, konferens zali, bilyard xonasi, mini-futbol maydoni, ikkita suzish havzasi, avtoturargohlar va birinchi yordam punkti mavjud.

Mazkur majmua jismoniy sog‘lomlashtirishga mo‘ljallangan. Bu yerda sportning barcha yo‘nalishlarida shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar yaratilgan. Mutasaddilarning aytishicha, mazkur majmuada bir kishi bir kun dam olishi uchun 300 ming so‘m mablag‘ ketadi. Uning ichida 3 mahal vitaminlarga boy ovqatlar ham ko‘zda tutilgan. Har bitta dam oluvchining salomatligini kunlik nazoratdan o‘tkazish uchun shifoxonalar mavjud ekan. Ushbu muassasaning 2020 yilda tushgan daromadini tahlil qiladigan bo‘lsak, 200 million so‘mdan ortiq sof foyda olgan ekan. Bu muassasa sotuvga qo‘yilgan. 30 aprelgacha investorlarning jozibador taklifi qabul qilinadi. Mazkur sihatgoh ayni kunlarda ishlab turibdi.

Davlat mulki ob’ektlarini ommaviy savdolar orqali xususiylashtirishning faol jarayoni Prezidentning 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat aktivlarini xususiylashtirishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ommaviy savdolarda ishtirok etish uchun arizalarni 2021 yil 30 aprelgacha qabul qiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA