Bugun aholi orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan ishlar yanada jadallashmoqda. Jamoat salomatligini mustahkamlashda kasalliklarning oldini olish, inson immunitetini kuchaytirish, shuningdek, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirishni tizimli yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish esa ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi tashabbusi bilan Navoiy mashinasozlik zavodida aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi ezgu tadbir tashkil etildi.

“Salomatlik sari” loyihasi doirasida o‘tkazilgan ushbu aksiyada korxona xodimlari uchun bepul tibbiy ko‘rik hamda OITS bo‘yicha ekspress testlar tashkil etildi.
Mazkur tibbiy ko‘rik davomida tor mutaxassis shifokorlar tomonidan ishchi-xodimlar sog‘ligining barqarorligi ko‘zdan kechirilib, tibbiy tahlillar va yuzma-yuz muloqotlar asosida ularga zarur tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi.

– Tibbiy ko‘rik davomida korxonada mehnat qilayotgan xodimlar uchun shifokorlar tomonidan sog‘lom turmush tarzi, erta tashxisning ahamiyati va OITSning oldini olish yuzasidan suhbatlar ham o‘tkazildi, – deydi korxonadagi boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi Mashhura Rahimova. – Ayniqsa, OITS bo‘yicha tezkor testning bepul tashkil etilgani ishchi-xodimlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Ushbu jarayon anonimlik tamoyillariga amal qilgan holda mutaxassislar tomonidan xavfsiz va shaffof tarzda bajarildi.
Partiyaning mazkur “Salomatlik sari” loyihasi boshqa korxonalar va mahallalarda ham davom ettirilishi rejalashtirilgan. Maqsad esa aholining sog‘lom hayotga bo‘lgan qarashlarini shakllantirish, tibbiy savodxonlikni oshirish va kasalliklarning oldini olishga qaratilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri