Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan iste’mol bozorida sifat va xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida tizimli nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Xususan, inspeksiyasining Jizzax viloyati bo‘limi tomonidan Jizzax shahridagi Eski shahar dehqon bozori hududida joylashgan savdo nuqtalarida nazorat xaridi o‘tkazildi. Unda “HAVEN” va “RAKHSHA” savdo belgili sintetik kukunli yuvish vositalari tekshiruvdan o‘tkazildi.
Laboratoriya tahlillari natijalariga ko‘ra, mazkur mahsulotlar belgilangan standart talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Qayd etilishicha, mahsulot qadoqlarida amaldagi standart belgilari ko‘rsatilmagani, sertifikat rasmiylashtirilmagan bo‘lsa-da, muvofiqlik belgisining qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, mahsulotlarda saqlash shartlari va qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar mavjud emasligi qayd etildi. Sinov natijalari esa faol moddalarning massaviy ulushi belgilangan talab darajasiga mos kelmasligini ko‘rsatgan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan savdo nuqtalariga ogohlantirish xatlari berildi hamda mahsulotlarni savdodan chiqarish bo‘yicha tegishli taqdimnoma kiritildi.
Hamroz Bayanov, O‘zA