Surxondaryo viloyatining Uzun tumani hududidagi maxsus poligonda Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi, Byuroning Uzun tuman bo‘limi, hamkor tashkilotlar va xolislar ishtirokida yurtimiz hududiga aylanma yo‘llar bilan noqonuniy kirib kelgan, sifati kafolatlanmagan tovar-moddiy boyliklari zararsizlantirildi.
– Mazkur tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan noqonuniy, deb topilgan qiymati 30 million so‘mlik turli poliz ekinlari urug‘i, 120 dona alkogol hamda tamaki mahsulotlari tegishli tartibda yo‘q qilindi, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi inspektori Rustam Umarov.
– Jumladan, yurtimiz hududiga hech qanday hujjatlarsiz olib kirilgan va belgilangan tartibga ko‘ra aksiz markalanmagan Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan 25 million 236 ming so‘mlik 1 ming 700 quti tamaki mahsuloti yoqib yuborildi. Bu bilan sifatsiz va inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan tovar- moddiy boyliklar orqali ko‘proq foyda olishni istagan ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yildi.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri.