Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida sifat talablariga javob bermagan 30 kilogrammga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari sotuvdan olib tashlandi. Bu haqda tuman bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ma’lumotga ko‘ra, bo‘lim bakteriologik, parazitologik va sanitariya-gigiyenik yo‘nalishlardagi uchta laboratoriya orqali sanitariya nazoratini amalga oshirib kelmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida sanitariya-gigiyena laboratoriyasi tomonidan oziq-ovqat gigiyenasi bo‘yicha 7 ta osh tuzi, 38 ta go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 55 ta sut va sut mahsulotlari, 162 ta non va non mahsulotlari, 10 ta paxta yog‘i hamda 119 ta poliz va sabzavot mahsulotlari namunasi tahlil qilingan.
Shuningdek, ovqat kaloriyasi bo‘yicha 26 ta, ichimlik suvi bo‘yicha 174 ta namuna tekshirildi. Yoritilganlik darajasi bo‘yicha 1 355 ta tahlil (shundan 23 tasi talabga javob bermagan), mikroiqlim ko‘rsatkichlari bo‘yicha 291 ta tahlil (20 ta talabga javob bermagan) hamda atmosfera havosidagi zararli va zaharli gazlarni aniqlash bo‘yicha 459 ta tahlil (39 ta talabga javob bermagan) o‘tkazilgan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 21 nafar fuqaro va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Matbuot anjumanida mahalliy OAV vakillarining savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri