Kosmetologiya xizmatlari shifokor tomonidan o‘tkaziladigan, litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanadi. Ammo ba’zi xususiy klinikalar tomonidan hech qanday huquqiy ahamiyatga ega bo‘lmagan sertifikatlar bilan bunday xizmatlarni ko‘rsatish holatlari uchrab turadi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga joriy yilning o‘tgan davrida fuqarolardan 320 dan ziyod ariza va shikoyatlar kelib tushdi.
Unda sifatsiz ko‘rsatilgan xizmatlar orqali sog‘liqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar yetkazilgani ya’ni terining shikastlangani, to‘qimalarda deformatsiya, shish, yoriqlar, toshmalar kabi asoratlar paydo bo‘lgani yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.
Xususan, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.R. ham 600 ming so‘m to‘lovni amalga oshirib, “Primjanova Ayjan” YATTga tegishli Yunusobod tumanida faoliyat yuritayotgan “Aya Belle Studios” lazer studiyasi xizmatidan foydalanganida badanida noma’lum toshmalar paydo bo‘lgani va sog‘lig‘iga ziyon yetgani haqida murojaat qilgan.
Mazkur holat Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi xodimlarini jalb etgan holda o‘rganib chiqildi. Murojaat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi “Aya Belle Studios” lazer studiyasi faoliyati bo‘yicha quyidagi kamchiliklar aniqlangan.
Bu xizmat aynan dermatovenerologiya bo‘yicha rezidentura va kosmetologiya mutaxassisligi bo‘yicha kasbiy qayta tayyorgarlikdan o‘tgan oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodim tomonidan amalga oshirilgan.
Xodimda lazerli maxsus apparat bilan ishlash ko‘nikmalarini tasdiqlovchi sertifikati mavjud bo‘lmagan.
Mazkur YATT tibbiy faoliyatni yuritish uchun reyestr ro‘yxatidan o‘tmagan hamda tibbiy litsenziyasiz noqonuniy faoliyat olib borgan.
Xizmat ko‘rsatish jarayonidagi kamchiliklar yuzasidan qo‘shimcha xavfsizlik va gigiyena choralarini kuchaytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Fuqaro Sh.R.ning huquqlari buzilgani aniqlandi va unga yetkazilgan zarar qoplab berilishi ta’minlandi.
Raqobat qo‘mitasi yuqoridagi holatlarga huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ma’lumot kiritdi. Shuningdek, yuqoridagi kabi xizmatlarni ko‘rsatishni targ‘ib etuvchi korxonalar tomonidan amaldagi talablarga rioya etgan holda faoliyat yuritishlarini, aks holda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi haqida ogohlantiradi.
N.Rahmonova, O‘zA