English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatsiz dori vositalari va tibbiyot buyumlari savdosiga chek qo‘yildi
09:59 / 2022-10-13

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat soliq inspeksiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining yashash xonadonida yashirin sex tashkil etib, xorijda ishlab chiqarilgan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalarini qayta qadoqlash orqali sotuvga chiqarish bilan shug‘ullanganligi fosh etildi.

Xususan, ushbu manzilda 34 turdagi 445 ming dona dori vositalari borligi aniqlandi. Ulardan 24 turdagi dori vositalari Fransiya, Germaniya, Belgiya, Vengriya, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Ukraina davlatlarida ishlab chiqarilgan bo‘lib, yaroqlilik muddati 2007-2020 yillar oralig‘ida tugagan. 

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalarining umumiy qiymati 3 milliard 185 million 250 ming so‘mni tashkil etadi. 

Shuningdek, noqonuniy sexda qadoqlash va dori vositalarining muddatini o‘zgartirish uskunalari, qalbaki shtamp va muhrlar borligi ham ma’lum bo‘ldi. 

Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham Bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.  

Xususan, “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib, Yashnobod tumanidagi avtoturargohlarning birida to‘xtagan “Isuzu” rusumli yuk mashinasi ko‘zdan kechirilganda, unda xorijda ishlab chiqarilgan, lekin, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 4 turdagi jami 72 ming 425 dona, umumiy qiymati 231 million 760 ming so‘mlik tibbiyot buyumlari borligi aniqlandi.  

Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shni davlat hududidan aylanma yo‘llar orqali mamlakatimizga olib kirilgan ushbu tibbiyot buyumlari Farg‘ona shahrida yashovchi 1976 yilda tug‘ilgan ayolga tegishli bo‘lgan.  

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

O‘zA