Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli, zamonaviy va eksportbop
16:55 / 2016-04-20

Farg‘ona viloyatida 2015 yili mahalliylashtirish dasturi doirasida 21 sanoat korxonasida 30 loyiha amalga oshirildi. 55 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, 15 million dollar miqdorida valyuta zaxirasi tejaldi.

Farg‘ona viloyatida 2015 yili mahalliylashtirish dasturi doirasida 21 sanoat korxonasida 30 loyiha amalga oshirildi. 55 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, 15 million dollar miqdorida valyuta zaxirasi tejaldi.

Prezidentimizning 2015-yil 11-fevraldagi “2015-2019-yillar uchun tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur hujjat ijrosi va mahalliylashtirish dasturi doirasida ilgari valyuta evaziga xorijdan keltirilgan oziq-ovqat, qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, avtomobillar ehtiyot qismlari, tibbiy-gigiyena vositalari kabi keng assortimentdagi mahsulotlar o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda. Bunafaqat ichki bozorni to‘ldirishi, balki, eksport imkoniyatlarini yanada kengaytirishi bilan ham ahamiyatlidir.

“Eko sem komplekt oborudovaniye” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan sement zavodlari uchun ehtiyot qism va jihozlar, “Gaz buyum servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining gaz tashish va tarqatishga mo‘ljallangan yarim tirkamali sisterna va isitish batareyalari, “Kristall invest plast” korxonasining yumshoq bolalar o‘yinchoqlari yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

2015-2019-yillarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga tavsiya etilayotgan 162 turdagi mahsulotlarni viloyatda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim muassasalari va sanoat korxonalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida muvofiqlashtiruvchi viloyat kengashi tashkil etilgan. Kengash tarkibiga Farg‘ona politexnika instituti va Farg‘ona davlat universitetining 20 ga yaqin professor-o‘qituvchilari kiritilgan. Ayni paytda olimlar tomonidan viloyatdagi sanoat korxonalarida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqilmoqda.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasida joriy yilning birinchi choragida 13 korxonada 22 istiqbolli loyiha tatbiq etildi. Mahsulot sotish hajmi 7,2 milliard so‘mni, eksport hajmi 39 ming dollarni tashkil etdi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning asosiy qismi Farg‘ona, Qo‘qon shaharlari, Dang‘ara va Quva tumanlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ushbu yo‘nalishda “Qo‘qon mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda bu yerda neft va gaz sanoati uchun zarur bo‘ladigan 6 xil ehtiyot va butlovchi qismlar mahalliylashtirilib, ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

– Joriy yilning birinchi choragida mahalliylashtirish dasturi asosida 432 million so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqardik, – deydi jamiyat rahbari Sharifjon Yo‘ldoshev. – Biz, tadbirkorlar uchun ko‘plab imtiyozlar berilayotgani iqtisodiy samaradorlikka xizmat qilmoqda.

Mahalliylashtirish dasturi asosida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarga qo‘llanayotgan soliq imtiyozlari va bojxona preferensiyalari iqtisod qilingan mablag‘larni investitsiya faoliyati, mahsulot tannarxini kamaytirish, ishchilarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirilayotgani e’tiborga sazovor. 2014-2015-yillarda mazkur korxonalarga 2 milliard 920 million so‘mlik soliq hamda 1 milliard 31 million so‘mlik bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar taqdim etilgan.

Muxtasar aytganda, bularning barchasi pirovardida valyuta zaxiralarini tejash bilan birga, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.