Boshoqli don yetishtirish, qishloq xo‘jaligi rivoji va oziq-ovqat xavfsizligida va umuman, yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirishda sifatli urug‘lik muhim ahamiyat kasb etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Jizzax viloyatining qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarida ham muyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, viloyatning asosan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan Zafarobod tumanida hukumat qaroriga asosan tashkil etilgan ishchi guruh a’zolari tomonidan aprobatsiya (urug‘lik sifatini sinovdan o‘tkazish) ishlari amalga oshirildi.
Bu yil tuman bo‘yicha jami 3960 tonna g‘alla olish ko‘zda tutilgan. Mazkur g‘allaning 430 tonnasi “Alekseich”, 1200 tonnasi “Grom”, 1900 tonnasi “Vassa” , 430 tonnasi esa "Asr” navlaridan tashkil topgan urug‘lik bo‘lishi rejalashtirilgan.
Aprobatsiya natijalariga ko‘ra, Zafarobod tumanida urug‘lik don yetishtiruvchi 32 ta fermer xo‘jaligining 820 gektar yeri urug‘lik uchun yaroqli deb topildi.
Lekin tumandagi urug‘lik don yetishtiruvchi 12 ta fermer xo‘jaligining 280 gektar g‘alla maydoni yovvoyi o‘t bosib ketganligi, begona nav aralashmalari miqdoridan ko‘pligi hamda agrotexnika tadbirlarni o‘z vaqtida bajarilmaganligi sababli yaroqsiz deb topilib, aprobatsiya dalolatnomalari rasmiylashtirildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri