English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli urug‘ mo‘l hosil omili
18:57 / 2015-12-21

Namangan viloyatining Uychi tumanidagi “Uychi paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatida 2016-yil hosili uchun urug‘lik chigitni tozalash, saralash, tuksizlantirish hamda qishloq xo‘jaligi zararkunandalari va kasalliklariga qarshi dorilash ishlarini tashkil qilishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Namangan viloyatining Uychi tumanidagi “Uychi paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatida 2016-yil hosili uchun urug‘lik chigitni tozalash, saralash, tuksizlantirish hamda qishloq xo‘jaligi zararkunandalari va kasalliklariga qarshi dorilash ishlarini tashkil qilishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Respublika g‘o‘za urug‘chiligi markazi, viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi, O‘zbekiston qishloq xo‘jalik ilmiy-ishlab chiqarish markazi viloyat bo‘limi, viloyat g‘o‘za urug‘chiligi birlashmasi, viloyat o‘simliklarni himoya qilish markazi, tumanlar qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari, “Namanganpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, paxta tozalash korxonalari, elita va paxta urug‘chiligi laboratoriyalari rahbar va mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida g‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida paxtaning serhosil, ertapishar, turli kasallik va zararkunandalarga chidamli navlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Bu borada yurtimizda g‘o‘zaning yangi navlarini sinash, sifatli urug‘ yetishtirish, qayta ishlash va g‘o‘za yangi navlarini oqilona joylashtirish jarayonlarini takomillashtirish va nazorat qilish tizimi asosida olib borilayotgan izchil izlanishlar samarasida urug‘lik sifati yaxshilandi. Bu mamlakatimiz bo‘yicha 1995-1997-yillarga nisbatan yiliga qariyb 100 ming tonna urug‘ni iqtisod qilish imkonini bermoqda.

Seleksiya va sinov ishlarini takomillashtirishga Namangan viloyatida ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatda 15 ming 594 tonna sifatli urug‘lik paxta hosili yetishtirildi. Undan 2016-yil hosili uchun 4500 tonna urug‘lik chigit tayyorlash rejalashtirilgan. Paxta hosildorligining muhim omillaridan biri bo‘lgan bu ishni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Paxta tozalash korxonalaridagi tuksizlantirish sexlari, saralovchi, kimyoviy ishlov beruvchi agregatlar joriy ta’mirdan chiqarildi. Urug‘lik chigitni qadoqlash uchun 250 ming dona qop va yorliqlar, yetarli miqdorda kimyoviy preparatlar zaxirasi yaratildi.

– Ayni kunlarda viloyat g‘o‘za urug‘chiligi birlashmasining elita urug‘chilik laboratoriyalari hamda paxta tozalash korxonalarida saralangan, kalibrlangan, kasallik va zararkunandalarga qarshi dorilangan konditsion urug‘ tayyorlash ishlari boshlab yuborildi, – deydi “Namanganpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati raisi Azimjon Tursunov. – Uychi, Chust, To‘raqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on va Pop tumanlaridagi korxonalarda urug‘likni toladan tozalash, tuksizlantirish va ildiz chirishi hamda turli kasallik va zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlov berish boshlandi. Keyingi yillarda birlashma tizimidagi korxonalarda modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, urug‘lik chigit tayyorlash sexlariga mashhur “Jubus”, “Petkus” kabi ilg‘or texnologiyalar keltirib o‘rnatilgani urug‘lik chigit sifati va ishlab chiqarish hajmining keskin oshishida muhim omil bo‘lmoqda.

Tadbir ishtirokchilari “Uychi paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatining urug‘lik chigit tayyorlash sexi, urug‘lik chigitning saqlanishi, ishlovchilar uchun yaratilgan mehnat va ijtimoiy muhofaza sharoitlari bilan tanishdi.

Viloyatda fermer xo‘jaliklarini sifatli urug‘lik chigit bilan ta’minlash, g‘o‘za navlarini to‘g‘ri joylashtirish va sifatli urug‘ jamg‘armasini yaratish, urug‘lik tayyorlashda nazorat xizmatining faoliyati, urug‘lik chigitni dorilash borasidagi ishlar xususida fikr almashildi.