Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli tibbiy xizmatga keng yo‘l: tibbiy sug‘urta va reimbursatsiya mexanizmi
10:18 / 2025-09-18

Sog‘liqni saqlash tizimida aholini sifatli, o‘z vaqtida va adolatli tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Mazkur maqsadga erishish uchun tibbiy xizmatlarning shaffofligi va moliyaviy barqarorligini ta’minlaydigan davlat tibbiy sug‘urta tizimi joriy etilmoqda. Shuningdek, ushbu tizim doirasida reimbursatsiya mexanizmi ham bosqichma-bosqich amalga tatbiq etilmoqda.

Shu munosabat bilan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hamkorligida matbuot anjumani hamda amaliy o‘quv seminari tashkil etildi. Unda viloyatdagi tibbiyot muassasalari rahbarlari, soha mutaxassislari, OAV vakillari va mahalliy jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, tibbiy sug‘urta tizimi joriy etilishi orqali fuqarolar nafaqat o‘z xohishiga ko‘ra tibbiyot muassasasini tanlash imkoniga ega bo‘lmoqda, balki eng muhimi ularga kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi doirasida bepul va sifatli xizmatlar taqdim etilmoqda.

Bu orqali kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz fuqarolar ham adolatli va teng imkoniyatlarda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Tadbirda alohida urg‘u berilgan muhim yo‘nalishlardan biri – reimbursatsiya tizimi bo‘ldi. Uning mohiyati surunkali kasalliklarga duchor bo‘lgan bemorlarni davlat tomonidan elektron retsept orqali dori vositalari bilan bepul ta’minlashdan iborat.

Yangi tizim nafaqat fuqarolar uchun, balki tibbiyot muassasalari uchun ham bir qator imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Xususan shifoxonalarga tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilayotgani, elektron yo‘llanma, elektron retsept, baholash va monitoring tizimlari joriy etilgani, har bir sarflangan so‘m g‘aznachilik xizmati orqali nazorat qilinayotgani, davlat bilan bir qatorda nodavlat klinikalar ham tizimga jalb etilmoqda.

Sohada sog‘lom raqobat muhiti yaratilishi, tibbiyot xodimlarini axborot texnologiyalari bilan ishlashga o‘qitish jarayoni ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Aytish joizki, davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar fuqarolarda tizimga nisbatan ishonchni kuchaytirmoqda. Bu esa o‘z navbatida aholining vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, kasalliklarni erta aniqlash va muvaffaqiyatli davolash imkoniyatlarini oshirmoqda.

Tadbir ishtirokchilari bu tizimni keng targ‘ib qilish, xususan, aholining tibbiy savodxonligini oshirish borasida mahalla, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini alohida qayd etdi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri