Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli tibbiy xizmat – xalq roziligi kafolati
16:08 / 2022-06-02

Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar kabi tibbiyot sohasida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

 Davlatimiz rahbarining tibbiyot hodimlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti esa tom ma’noda mamlakatimizda tibbiyot tizimini yanada yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadam deyish mumkin.

Chunki mazkur tadbirda yurtimizda tibbiyotni rivojlantirish borasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar bilan birgalikda, sohadagi muammolar, ularning yechimlari bo‘yicha  takliflar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berildi.  

Aholi orasida nafas olish tizimi kasalliklarini kamaytirish va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bugun ustuvorlik kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan  bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, sohani izchil rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.

Hususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoyishining 9-bandida sil va o‘pka kasalligini profilaktika qilish, unga tashxis qo‘yish va davolash sifatini oshirish maqsadida, bemorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dastur loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ul xodimlari ishtirokida «Aholi orasida nafas olish tizimi kasalliklarini kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati va istiqboldagi rejalar»mavzusida  davra suhbati bo‘lib o‘tdi.  

Unda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 fevralda “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining ijrosiga qaratildi.  

Ushbu hujjatga muvofiq Ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek mamlakatda barqaror sanitariya-epidemiologiya holatini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda mazkur tizim muassasalarining resurs salohiyatini mustahkamlash maqsadida,O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining mazkur qarorda belgilangan vazifalari va bu boradagi amalga oshirilayotgan ishlar holati, istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.  

— Ftiziatriya va pulmonologiya sohasida  ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan bemorlarni zamonaviy, jahon talablaridagi sifat va standartlar darajasida diagnostika va davolashni ta’minlash,  rivojlantirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, —deydi  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Ahmadjonova. — Shunga qaramay sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar hali talaygina. Biz bu bo‘yicha zarur izlanishlarni olib boryapmiz.  

Respublikada aholi salomatligini muhofaza qilish va o‘pkaning nospetsefik kasalliklari tarqalishining oldini olish, barqaror sanitariya-epidemiologiya holatini saqlab turish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni kuchaytirish, nafas a’zolari tizimining tashqi nafas funksiyalarini o‘rganish hamda respirator yordam ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalar bilan jihozlash, pulmonologiya bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash yondoshuvlarini takomillashtirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.  

Tadbir yakunida  bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olinib, qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.  

N.Rahmonova, O‘zA