Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori
12:22 / 2022-12-29

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida xalqimizning orzu-istaklari aks ettirilgani, yurtimizning 2023 yildagi va yaqin kelajakdagi rivojlanish strategiyasi belgilab berilganligi barchamizni quvontirdi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz islohotlar oxir-oqibat insonning hayotini, sog‘ligini, farovonligini ta’minlashga qaratilgani va buning zamirida albatta ta’lim yotishini, ta’lim barcha sohalarning poydevorini yaratib berishini doim ta’kidlab kelgan.  

Prezident Murojaatnomada kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni olti yo‘nalish misolida aniq ko‘rsatib o‘tdi.  

Ayniqsa, ta’lim sohasini yanada isloh qilish, ta’lim sifati va samaradorligini ta’minlash bo‘yicha bildirilgan konstruktiv fikrlar e’tirofga molik. Zero, rivojlangan davlatlarning taraqqiyot tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qayerda ta’limga, ilm-fanga yaxshi sharoit yaratilgan bo‘lsa, o‘sha yerda har tomonlama yetuk va vatanparvar kadrlar yetishib chiqqan.  

Shu maqsadda ta’limning barcha yo‘nalishlarida qator o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda va bu o‘zgarishlar ta’lim sohasida so‘nggi 5-6 yil davomida amalga oshirib kelinayotgan tizimli o‘zgarishlarning navbatdagi ilmiy asoslangan va natijasi kafolatlanayotgan bosqichidir. Tahlillarga qaraydigan bo‘lsak, Bundan besh yil muqaddam oliy ta’lim muassasalari soni 78 ta bo‘lgan bo‘lsa, buguni kunda bu raqam 198 tani tashkil etmoqda. Talabalar soni 300 ming nafardan, 2022 yilga kelib 956 ming nafarga yetdi.  

Taqqoslash uchun davlat buyurtmasi asosida o‘qiyotgan talabalar soni 2017 yilda 106 ming nafarni, 2022 yilda esa 160,7 ming nafarni tashkil etayotgani, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetganligini ko‘rsatadi.  

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonlariga malakali professor-o‘qituvchilarni jalb qilish, zamonaviy ta’lim metodlaridan foydalanib, talabalarni yangicha fikrlashga o‘rgatish, universitet ilmiy salohiyatini oshirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.    

Xususan, universitet  ilmiy salohiyati 2021 yildagi 23,6 foizdan, 2022 yilda 28,3 foizga ko‘tarildi. 45 nafar izlanuvchilar falsafa doktorlik (PhD) dissertatsiyalarini, 6 nafar izlanuvchilar fan doktorlik (DSc) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2021 yilda 8 ta ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil qilingan bo‘lsa, 2022 yilda 11 ta ilmiy anjumanlar tashkil qilindi, 2 ta ilmiy loyiha bajarildi.  

Xalqaro jurnallarda 178 ta, respublika jurnallarida 240 ta maqola, 22 ta monografiya hamda Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy-texnik bazalariga kirgan jurnallarda 5 ta maqola nashr qilindi.  

Universitetda iqtidorli talabalar safi ham kengayib bormoqda. Xususan, 120 nafar talaba iqtidorli talabalar safiga qabul qilindi, 15 nafar talaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari g‘olibi bo‘ldi. Bu keyingi yillarda ta’limga qaratilayotgan e’tibor va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasidir.  

Universitet professor-o‘qituvchilari yaratilgan ishlanma va ixtirolarga 16 ta patent hamda mualliflik guvohnomalari olindi. 2022 yilda qabul qilingan mustaqil izlanuvchilar soni (PhD) 221 nafarga hamda fan doktorlik dissertatsiyalari ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan izlanuvchilar soni (DSc) 30 nafarga yetdi.  

Universitetimiz Times Higher Education xalqaro reyting tashkilotining 2022 yil uchun e’lon qilgan reytingidan (THE Impact Ranking 2022) o‘rin egalladi.  

Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, mamlakat aholisi o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish, sog‘lom fikrga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, barcha aholi qatlamlari uchun sport-sog‘lomlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti oldida bir qator muhim vazifalar mavjud.  

Xususan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi bo‘yicha chora-tadbirlarni amaliyotda faol qo‘llash asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi. 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab universitet va uning filiallarida o‘quv mashg‘ulotlari va mahorat darslarini o‘tkazish hamda o‘quv jarayonida ishtirok etish uchun sport federatsiya (assotsiatsiya)larning yetuk malaka va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislari jalb qilish belgilangan.  

“Menejment (jismoniy tarbiya va sport menejmenti)”, “Menejment” va “Marketing” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi talabalarining amaliyoti yashash hududidagi mahallalarda Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan tegishli sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalarini tashkil qilish orqali amalga oshiriladi.  

Iqtidorli bitiruvchilarning bitiruvoldi amaliyoti ularni milliy terma jamoalarning xorijda o‘tkaziladigan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari hamda xalqaro musobaqalar jarayoniga jalb etish orqali tashkil etiladi. Talabalarning o‘zlashtirgan bilimi, malaka va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llash darajasidan kelib chiqib, iqtidorli bitiruvchilarga sport bo‘yicha hakam hamda ikkinchi toifali trener malaka toifasini belgilovchi guvohnoma berish joriy etiladi.  

Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida 2023 yil 1 yanvardan boshlab Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy qilinadi. Universitetning jozibadorligini oshirish uchun jahondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, shaffof qabul jarayonini tashkillashtirish, tahsil olayotgan xorijiy talabalar sonini 2 baravarga ko‘paytirish nazarda tutilgan.  

Universitetda olimpiya sport faoliyati bo‘yicha yo‘nalishlar sonini 20 foizga, noolimpiya sport faoliyati bo‘yicha yo‘nalishlar sonini 60 foizga oshirish rejalashtirilgan. Universitet professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini doimiy rivojlantirib borish maqsadida har yili kamida 10 nafar professor-o‘qituvchilarning xorijiy davlatlarda malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi tizimini yo‘lga qo‘yish, ta’lim jarayoniga xorijiy davlatlarning yetakchi professor-o‘qituvchilarini jalb qilish belgilangan.  

Bu ulug‘vor vazifalarni amalga oshirish katta kuch, ulkan salohiyat va mehnat talab qiladi, albatta. Biz birgalikda, jipslikda harakat qilsak kuch ham, salohiyat ham, imkoniyat ham topiladi.  

 

Bahrom MUSAEV,  

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya  

va sport universiteti  

Ilmiy va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor  

O‘zA