French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli ta’lim va malakali mutaxassis – barqaror iqtisodiyotning asosi (+video)
10:21 / 2023-09-02

Qo‘qon tibbiyot kollejida Farg‘ona viloyatidagi professional ta’lim muassasalari an’anaviy avgust kengashining yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyatdagi professional ta’lim muassasalarida o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar hamda 2023-2024 o‘quv yilida olib boriladigan ishlar rejalashtirib olindi.  Ta’kidlash kerak, bu yilgi avgust kengashlarining sho‘’ba yig‘ilishlari joriy yilning 28-31 avgust kunlari alohida belgilangan professional ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tdi. Bu sho‘’ba yig‘ilishlarida sohalar bo‘yicha, shuningdek, ta’lim muassasalari rahbar o‘rinbosarlari uchun treninglar tashkil etildi.  

Avgust kengashlari o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va yangi rejalar tuzib olishda juda ahamiyatli. Shuning uchun ham yakuniy tadbir tantanali tashkil etildi. Kasb-hunar maktablari va texnikumlar o‘quvchilari tayyorlagan ko‘rgazmali qurollar, innovatsion ishlanmalar, buyumlar va mahsulotlar ko‘rgazmasi barchaning qiziqishiga sabab bo‘ldi.    

– Bu yilgi tadbirlar “Sifatli ta’lim va malakali mutaxassis – barqaror iqtisodiyotning asosi” shiori ostida o‘tkazilayotgani zamirida ramziy ma’no bor. Zero, mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va mehnat bozoridagi tezkor jarayonlar zamonaviy bilimlarni egallagan, har tomonlama kuchli va malakali kadrlarni tayyorlab berishni talab etmoqda, – deydi viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yunusov. – Shundan kelib chiqib, avvalgi o‘quv yilida yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimizni tanqidiy tahlil etib, kelgusidagi faoliyatda nimalarga e’tibor qaratish, ta’lim jarayoniga innovatsion metodikalarni joriy etish, raqobatbardosh kasb egalarini tarbiyalash bo‘yicha kelishib oldik. Ilg‘or xalqaro tajribalardan foydalangan holda, ta’lim dasturlariga ijodiy yondashish, o‘quvchi-yoshlarda erkin va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini boyitish, ehtiyojga ko‘ra yangi kasb yo‘nalishlarini joriy etish dolzarb vazifalar hisoblanadi.  

E’tiborli jihati, kasb-hunar maktablari va texnikumlarni bitirgan yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi yil sayin ortib bormoqda. Ulardagi ilmga intilish va g‘ayrat-shijoat boshqalar uchun ibrat bo‘la oladi.  

– Qo‘qon neft va gaz sanoati texnikumini bitirganman. Bu yil Farg‘ona davlat universitetining buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishiga suhbat asosida qabul qilindim. Sirtqi ta’limning ikkinchi bosqichidan tahsil olishni boshlayman, – deydi  Muslima Hakimova. – Shu soha bo‘yicha o‘z bilimlarimni yanada boyitishni, yurtimiz taraqqiyotiga kamtarona hissa qo‘shishni istayman.  Mazkur texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan Husanjon Mamajonov esa Namangan muhandislik qurilishi institutiga qabul qilindi.  

–Kirish imtihonlaridagi suhbat shaffof o‘tdi. Texnikum bitiruvchilari uchun yaratilgan bu qulaylikdan mamnunmiz, – deydi u. – Keyingi yillarda professional ta’lim tizimiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, dual ta’lim orqali yoshlarimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish beruvchi korxonalar bilan shartnoma imzolashyapti, tahsil olish bilan birga shu korxonalarda malakalarini oshirishyapti. Bugungi yalpi yig‘ilishda ham bu borada zarur ko‘rsatmalar oldik. Xalq xo‘jaligi uchun yetuk kadrlar yetkazib berishda ta’lim sifatini oshirish, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, modulli ta’lim dasturlarini joriy etish, mehnat bozori va ta’lim integratsiyasini ta’minlashga kelishib oldik, – deydi Dang‘ara 2-son kasb-hunar maktabi direktori Abduhamid Saidov.  An’anaviy avgust kengashining yalpi yig‘ilishi yakunida 2022-2023 o‘quv yili davomida o‘rnak ko‘rsatgan rahbar va xodimlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining, Farg‘ona viloyati hokimining hamda viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘ining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. 

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/GP_n3UERYts?si=hjh80YbF3eREzbcT" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe> 

M.Sulaymonov,  

O‘zA