Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli ta’lim – ustuvor vazifa
10:04 / 2022-12-23

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasini barcha yurtdoshlarimiz qatorida hayajon bilan tingladik.

Yurtboshimiz dastlab joriy yil mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, 2023 yilda oldimizda turgan ustuvor vazifalar, shuningdek, farzandlarimiz kelajagi, xalqimiz farovonligiga daxldor masalalar haqida to‘xtalib, 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb e’lon qildi.

So‘nggi yillarda inson qadri tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar natijasida barcha sohalarda bo‘lgani kabi maktabgacha ta’lim tizimida ham juda katta ishlar amalga oshirildi. Xususan, keyingi 6 yilda mamlakatimizda bog‘cha yoshidagi bolalarning qamrovi 27 foizdan 70 foizga yetkazilganligi, keyingi 5 yilda bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazish asosiy maqsad qilib olinganligi va natijada mamlakatimiz bo‘yicha 600 ming nafar bog‘cha yoshidagi bolalarni qamrab olish, sohada xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha keyingi 5 yilga mo‘ljallangan alohida qaror qabul qilinishi ta’kidlab o‘tildi.

Prezidentimiz o‘z murojaatida “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!”, deb aytdi. Bundan ko‘rinadiki, ta’limning birlamchi bo‘g‘ini sifatida maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratiladi.  

Navoiy viloyati misolida gapiradigan bo‘lsak, 82 ming 057 nafar 3-7 yoshli bolalarning 65 ming 247 nafari yoki 80,9 foizi maktabgacha ta’limga qamrab olingan bo‘lsa, joriy yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 82 foizga, kelasi 5 yilda esa 90 foizga yetkazishni o‘zimizning oldimizga alohida reja qilib olganmiz.

Joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida 6 ta, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida 12 ta, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 2 ta, jami 20 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurildi va rekonstruksiya qilindi. Bunga qariyb 67 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Bundan tashqari, tizimga mahalliy byudjetning orttirilgan qismi hamda “Ochiq byudjet” portalidan 30 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi. Buning evaziga 214 ta davlat bog‘chalarining moddiy texnik bazasi yaxshilandi. Qolaversa, 78 ta yirik davlat-xususiy sheriklik asosida va 901 ta oilaviy bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirish va subsidiyalarni o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha ham ishlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Viloyatda 2023 yilda Investitsiya dasturi doirasida 15,5 milliard mablag‘ evaziga 180 o‘rinli 1 ta yangi bog‘cha qurish va 3 ta bog‘chani rekonstruksiya qilish belgilangan. Shuningdek, boshqa davlat dasturlari doirasida ham hududdagi qator davlat bog‘chalarini ta’mirlash va jihozlash ishlari rejalashtirilmoqda. 50 ta oilaviy bog‘chalarni tashkil etish, 6 yoshdagi bolalar uchun 44 ta majburiy ta’lim guruhlarini tashkil etish belgilangan.

Ushbu Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbuslar oldimizga yangi vazifalar qo‘yib, zimmamizga yanada yuksak mas’uliyatlarni yuklaydi. Zero, yurtboshimiz aytganidek, mamlakatimizning ertangi kuni bugun farzandlarimiz qanday ta’lim-tarbiya olayotganiga bog‘liq.

 

O‘tkir Tillayev,

Navoiy viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i.

O‘zA