Yurtimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, bolalar va yoshlar uchun munosib shart-sharoit yaratish borasida Prezidentimiz tashabbuslari izchil amalga oshirilmoqda. Sirdaryo viloyatida olib borilayotgan ishlar buning yaqqol isbotidir.
Joriy yilning o‘zidayoq davlat rahbarining 2025 yil 6 martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti va infratuzilmani yaxshilashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori va investitsiya dasturi doirasida 116 ta ta’lim muassasasida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ular orasida 57 ta maktab, 48 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 10 ta “Barkamol avlod” maktabi hamda Pedagogika mahorat markazi bor.

Eng muhimi, bu ishlar natijasida qariyb 11 ming nafar o‘quvchi va 7 mingdan ziyod maktabgacha yoshdagi bolalar uchun yangi o‘rinlar yaratildi.

– Har bir bolaga sifatli ta’lim va tarbiya berish — biz uchun eng ustuvor vazifa. Yangi infratuzilma bolalarning bilim olish jarayonini yengillashtirish bilan birga, ularning ijodiy salohiyatini ham ochadi. Prezident tashabbuslari bizga kuch va madad bermoqda, – deydi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva.

Hozirgi kunda viloyatda 1 170 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 67,8 ming nafar bola qamrab olingan bo‘lib, yil yakuniga qadar bu qamrov 87 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yilda 54 ta yangi davlat va nodavlat bog‘cha, 240 o‘rinli “Ilk rivojlanish markazi” ishga tushirildi.

Maktab ta’limida ham yangicha yondashuvlar amaliyotga joriy etilmoqda. Oqdaryo tajribasi asosida 23 ta tayanch maktab, 11 ta STEM laboratoriyasi faoliyat boshladi. 32 ta maktabga 512 dona kompyuter, 25 ta interaktiv doska yetkazib berildi. Shuningdek, 30 ta inklyuziv sinf tashkil etildi. Xalqaro baholash dasturiga kiritilgan maktablarni jihozlash uchun mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratildi.
2025–2026 o‘quv yilidan boshlab, viloyatdagi barcha maktablar yangi baholash tizimiga o‘tdi. 16 ta maktabda ikkinchi xorijiy til sifatida fransuz, nemis va koreys tillari o‘qitila boshlandi. Shu bilan birga, “Bog‘cha – maktab – oliy ta’lim” tizimida yagona g‘oyaviy tarbiya yo‘lga qo‘yilib, barcha bosqichlarda “Kelajak soati” darslari joriy etildi.

Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ham qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘qituvchilar uchun imtiyozli kreditlar, davlat xizmatlari to‘lovlarini kamaytirish, milliy sertifikat tizimini joriy etish, nufuzli oliygohlarda tahsil olgan pedagoglarga maxsus ustama va chegirmalar berish ko‘zda tutilgan.
– Mazkur ishlar yurtimizda ta’lim sohasiga bo‘lgan yuksak e’tibor, xususan, o‘qituvchilar mehnati va ijtimoiy maqomini oshirish yo‘lidagi amaliy qadamlarning yorqin ifodasidir, – deydi Nargiza Xolboyeva.
G‘ulom Primov, O‘zA