Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli ta’lim: nimalarga e’tibor qaratish zarur?
14:16 / 2023-01-26

Jizzax viloyati Zomin tumanida “Xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish va o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish”ga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida asosiy investitsiya ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi ta’kidlangandi. Bundan ko‘rinib turibdiki, maktablarda ta’lim sifati, jamiyatda o‘qituvchi nufuzini oshirish, ustoz-muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalardan biri bo‘ladi.  

Joriy yil 20 yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ham xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish va o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish masalalari keng muhokama qilindi. Ulkan rivojlanish sari yuz tutayotgan mamlakatimiz yoshlari uchun bugun xorijiy tillarini bilish muhim.  

Xo‘sh, ta’lim tizimida, xususan chet tillarini bilish, kasb-hunar o‘rganish borasida qanday kamchiliklar bor? Maktablarda 1-sinfdan 11-sinfgacha chet tillari qay darajada o‘rgatilmoqda va bu bugungi xalqaro talablarga javob bera oladimi? 11 yil maktabda o‘qigan bola chet tilini nega mukammal o‘zlashtira olmayapti? Ushbu muammolarni bartaraf etish va maktab o‘quvchisini kasb-hunarga yo‘naltirishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?  

Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti hamkorligida Zomin tumanida tashkil etilgan o‘quv-seminarda ana shu savollarga javob berildi.  

Viloyatning Zomin, Zarbdor va Yangiobod tumanlaridagi maktab direktorlari, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbarlari, universitet professor-o‘qituvchilari “Kelajak kasblari” markazi faoliyati bilan tanishdi.

Sharoit va mutaxassislar yo‘qligi sabab yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan, maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Maktablar qoshida tashkil etiladigan “Mono-markaz” faoliyati o‘quvchi yoshlarni kasb-hunar, xorijiy til kurslari, raqamli texnologiyalarga o‘qitishga yo‘naltirilgan. 

 

– O‘tgan yillardagi kasb-hunar kollejlari faqat diplom beradi, deb tanqid qilinardi va bu gapda jon bor, – deydi Jizzax viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sarvar Nazarqosimov. – Aslida, bunday ta’lim maskanlarida bilim, amaliy ko‘nikma, har qanday yangilikni qabul qila olish va moslashish qobiliyatlarini shakllantirish lozim edi. Ming afsuski, jarayon o‘quv xonalaridan tashqariga chiqmasdi va yoshlarimiz faqat nazariy bilim bilan cheklanib qo‘ya qolardi.  

– Sifatli ta’lim yo‘lida qo‘yilgan talab va topshiriqlar hamkorlikdagi harakatlarimiz bilan albatta amalga oshadi, – deydi Abdulla Qodiriy nomidagi JDPU rektori, professor Shavkat Sharipov. – 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab har bir shahar va tumanlarimizdagi bittadan umumta’lim maktablarida ikkinchi xorijiy tilni o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. O‘quvchilarimizni zamonaviy kasblarga o‘rgatish bo‘yicha rejalashtirilgan tajriba-sinov maktablari – Do‘stlik, Zomin tumanlari va Jizzax shahridagi 10 ta maktabda amalga oshiriladigan bo‘ldi.  

O‘quv-seminarida yoshlarni zamonaviy kasb-hunar o‘rganishidagi mavjud muammolar va ularning yechimi haqida so‘z bordi.

 

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA