Buxoroda “Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat” shiori ostidagi II ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir viloyat Bolalar kutubxonasi va “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma hamda musiqiy chiqishlar bilan boshlandi.
Viloyatning turli hududlaridan 500 nafardan ortiq pedagoglarni jamlagan yalpi yig‘ilish avvalida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov so‘zga chiqdi. Yakunlangan 2022-2023 o‘quv yilida tizimda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va istiqbolli rejalar xususida to‘xtaldi.
Ayni paytda Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimida 546 davlat umumta’lim va 21 ta xususiy maktablar mavjud. Ushbu maktablarda 28 ming 774 nafar pedagog-xodim faoliyat olib bormoqda. Ularda 330 ming 206 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari esa 1884 tani tashkil etib, ularga 125 675 nafar 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan.
Investitsiya dasturi doirasida viloyatda bitta yangi maktab, ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilmoqda. 16 ta’lim muassasalarida rekonstruksiya, bittasida kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yilgi 1-bosqichida 124 ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, pedagoglar salohiyatini oshirish maqsadida “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi orqali 28 mingdan ortiq xalq ta’limi xodimlarining malakasi oshirilib, tegishli sertifikatlar berildi.
Viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagoglari bilimini yaxshilash hamda yangicha o‘qitish uslublarini tushuntirish maqsadida tashkil qilingan “Mobil metodik guruh” tomonidan ta’lim sifati past va muhiti og‘ir bo‘lgan o‘nta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida metodik yordam berish orqali ta’lim sifati yaxshilash ishlari amalga oshirildi.
Tizimda ilg‘or xalqaro tajribalardan samarali foydalanish, yangi zamonaviy ta’lim metodikalarini joriy etish maqsadida so‘nggi besh yil mobaynida Yaponiya, Rossiya va AQSH davlatlaridan 51 nafar, xususan, birgina 2022-2023 o‘quv yilida 10 nafar xorijiy pedagog umumta’lim maktablariga jalb qilindi. Olib borilgan shu kabi keng qamrovli harakatlar o‘z samarasini ko‘rsatdi. Viloyatdagi 25 nafar o‘qituvchining ilg‘or ish tajribasi viloyat hamda respublika miqyosida ommalashtirildi.
Viloyatdagi oliy toifali o‘qituvchilar soni 2940 nafardan 4142 nafarga, birinchi toifali o‘qituvchilar soni 7112 nafardan 9126 nafarga oshdi. Viloyatdagi 87 ta maktab “Zamonaviy maktab “ maqomini oldi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 14 tani tashkil etgan edi.
Umumta’lim maktablari xorijiy til o‘qituvchilarining 57 foizi xalqaro va milliy sertifikatga ega bo‘ldi. Iqtidorli o‘quvchilarning respublika va xalqaro fan olimpiadalaridagi natijalari ham salmoqli bo‘ldi. O‘quvchilarning 8 nafari respublika fan olimpiadalarining respublika bosqichida g‘olib bo‘ldi. Xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilar 11 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Tugallangan o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 11-sinfini 21944 nafar yigit-qiz bitirdi. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, bitiruvchilarning 19 450 nafari, ya’ni, 88.6 foizi oliy ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan. 1304 nafar, ya’ni 5.9 foiz o‘quvchi texnikumlarga, 307 nafari, ya’ni 1.3 foizi kollejlarga, 830 nafari, ya’ni 3.7 foizi kasbga tayyorlash markazlarida o‘qib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadi borligini bildirgan.
Ta’lim muassasalari o‘quvchilarining 823 nafari, jumladan: 676 nafari maktabni oltin, 147 nafari kumush medallar bilan tamomladi.
2022 yilda maktab bitiruvchilarining OTMlarga kirish ko‘rsatkichi 32.9 foizdan 39.7 foizga ko‘tarilib, bu natija bo‘yicha mamlakatda peshqadamlikni qayd etgan edi. Joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirish maqsadida turli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik tadbirlari tashkil etildi. E’tirof etish joizki, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi, ustozlarning fidoyiligi tufayli ayni paytga qadar 400 nafardan ortiq o‘quvchi xorijning hamda mamlakatimizning nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘ldi. O‘quvchilarning bu kabi yutuqlarni qo‘lga kiritishi va viloyat ta’lim tizimini yuksaltirishda sohada faoliyat olib borayotgan fidoyi va jonkuyar pedagoglarning xizmati beqiyos. Butun hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan jonkuyar o‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obro‘-e’tiborini oshirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Vazir jamg‘armasi ustamasining joriy etilishi ham bu boradagi tashabbuslardan biri bo‘ldi. Joriy yilda mazkur ustama uchun o‘tkazilgan tanlovda 177 nafar o‘qituvchilarimiz g‘olib chiqdi. Endilikda ular 9 oy mobaynida har oy maoshlariga qo‘shimcha 5 million so‘mdan ortiq ustama oladi. Ayni paytda ming dollardan ortiq maosh olayotgan o‘qituvchilar soni 100 nafardan oshgan.
Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar alohida qayd etilar ekan, boshlanayotgan yangi o‘quv yilida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadiga qaratilgan rejalar xususida ham batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, yangi o‘quv yilida maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalar qamrovini 85-90 foizga, umumta’lim maktablaridagi oliy toifali o‘qituvchilar ulushini 19 foiz (amalda 17,3 foiz) hamda birinchi toifali o‘qituvchilar ulushini 31 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatgichini 40 foizdan oshirish, “Zamonaviy maktab” maqomini olgan maktablar sonini esa 150 taga yetkazish hamda har bir tumanda kamida bittadan maktabda ikkita til va bitta kasbga o‘rgatish tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Forumda ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan, sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan faol, tashabbuskor va izlanuvchan, munosib natijalarga erishayotgan ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA