Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sifatli ta’lim jamiyatdagi barcha muammolarning yechimidir
17:39 / 2022-12-27

Munosabat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi.

2 soat 25 daqiqa davom etgan Murojaatnomada, lingvistik tahlilga ko‘ra, davlatimiz rahbari 6502 ta so‘z ishlatgan. Jumladan, “ta’lim” so‘zi 25 marta, “maktab” so‘zi 23 marta, “shaxs” va “xalq” so‘zlari 22 marta, “Konstitutsiya” va “investitsiya” so‘zlari 20 marta, “tadbirkor” so‘zi 19 marta va “mahalla” so‘zi 18 marta ishlatilgan.

Inson va uning kamoloti uchun keltirilgan ushbu so‘zlarning umumiy konsepsiyasida ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘li ekanligi ifoda etiladi. Shundan ko‘rish mumkinki, Murojaatnomada ko‘tarilgan har bir dolzarb masalaning yechimi ta’lim bilan bog‘liq ekanligi nazarda tutilgan. Shuning uchun ham ta’lim muassasalaridagi haqiqiy ahvolni o‘rganish uchun o‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilib, o‘quv-tarbiya ishlari sifatini oshirish bo‘yicha ular qo‘ygan masalalarni birgalikda yechish zarur, deb e’tirof etildi.

Shundan kelib chiqqan holda, quyidagi fikrlarni bildirish mumkin.

Birinchidan, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yoshlar yurtning kelajagini, uning ertangi taqdirini hal qiluvchi katta kuchdir, ularni ilm-fanga faol jalb qilish muhim ahamiyatga ega. bugungi murakkab davrning asosiy xususiyati ham ijtimoiy kapitalning rivojlanish xususiyatiga bog‘liq. Unda jamiyatni birlashtirib turadigan elementlar, g‘oyalar, konsepsiyalar ifoda etiladi.

Davlatimiz rahbari bugun mamlakatimizda ijtimoiy kapital masalasini rivojlantirishda og‘riqli nuqtalar borligini, ulardan qutilish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish kerakligini qayd etdi. Buning uchun jamiyat, davlat xizmatchilari uyg‘onishi zarur ekanligiga urg‘u qaratildi.

Ikkinchidan, Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish uchun Konstitutsiyada mustahkamlb qo‘yish masalasiga e’tibor qaratilar ekan, unda ham inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish kerakligi ta’kidlandi.

Jadid bobolarimizning: “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, degan so‘zlari keltirib o‘tildi. Buning uchun maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifa sifatida qaralishi nazarda tutildi.

Mazkur yo‘nalishda ham jamiyatda saqlanib qolayotgan muammolarni bartaraf etish uchun kreativ tafakkur masalasini o‘zgartirish kerakligi nazarda tutilmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekiston va uning taraqqiyoti uchun muhim fenomen hisoblanadi. Chunki, olib borilayotgan islohotlar va ularning metodologiyasini keng tafakkur va innovatsion yondashuv asosida xis qilish orqali amalga oshirishni qalban anglash lozim bo‘ladi.

Uchinchidan, maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish Murojaatnomada alohida ta’kidlandi. Bu borada yangi avlod o‘quv adabiyotlari ishlab chiqilishi, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish orqali o‘quvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishga erishish nazarda tutilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu borada ham ayrim kamchilik va nuqsonlar saqlanib qolayotganligiga alohida e’tibor qaratdi. Respublikamizdagi barcha muassasalardagi ta’lim va tarbiya sifati, o‘qituvchilarning bilimi va mahoratini talab darajasida deb bo‘lmaydi. Jamiyatda pedagoglarning sha’ni va qadr-qimmati tushib ketishi, maktablardagi mavjud shart-sharoitlar talab darajasida emasligi, darsliklar sifatli ekspertizadan o‘tkazilmasdan tizimga tatbiq etilishi kabi salbiy holatlar ushbu jarayonlarning yig‘ilib qolishiga olib kelgan.

Murojaatnomada 2023 yilda 70 ta yangi maktab qurilishi, 460 ta maktab kengaytirilishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, kelgusi yilda xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanishi, yaqin besh yilda esa ular sonini 1 mingtaga yetkazish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

To‘rtinchidan, davlatimiz rahbari o‘z nutqida yoshlarning zamonaviy malaka va kasb-hunar ko‘nikmasiga ega bo‘lishi uchun alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi. Bu borada mavjud 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarurligi aytildi. Buning uchun 2023 yildan boshlab yangi dastur asosida har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etilishi, kelgusi besh yilda esa barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinishi e’tirof etildi.

Qolaversa, tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida alohida muhandislik maktablari tashkil qilinishi va bu orqali yangi zamon injenerlarini tayyorlash tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Albatta, bu borada ham muammolar mavjudligi, ulardan qutilish uchun ochiqlik siyosati asosida chet el investitsiyalarini har bitta tumanga jalb etish, davlat-xususiy sheriklik tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Haqiqatdan ham, chet el investitsiyasini jalb etmasdan, ichki imkoniyatlar asosida sifatli ta’lim standartlarini xalqaro darajaga olib chiqish qiyin kechadi. Aynan davlatimiz rahbari nazarda tutayotgan yo‘nalishlar jamiyatni rivojlantiruvchi drayverlar sanaladi.

Beshinchidan, Murojaatnomada oliy ta’lim sohasida amalga oshirilgan ishlarga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, mamlakatimizdagi oliygohlar umumiy soni 198 taga yetgani, qamrov darajasi esa 4 barobardan ziyodga ortgani ta’kidlandi. Ammo, eng asosiysi – ta’lim sifatini oshirish bosh masala bo‘lishi kerakligiga urg‘u berildi.

Aynan bu borada Prezident 41 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgani, ularda transformatsiya ofislari ochilgani hamda OTM rektorlari, professor va o‘qituvchilar bu jarayonlarda faol bo‘lishlari, yangi, ilg‘or metodikalarni joriy qilishlari kerakligi ta’kidlandi. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun oliygoh talabalari uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m ajratilishini ta’kidlab o‘tdi. Olimlarning ish haqi ham 4,5 barobar oshirilishi professor-o‘qituvchilar oldiga yangi mas’uliyat qo‘yadi.

Bugun OTM professor-o‘qituvchilari o‘z ustilarida tizimli ishlashi, o‘quv jaryonlariga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llashi hamda talabalarga kreativ, tanqidiy fikrlashni o‘rgatish orqali Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini shakllantirishi lozim hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, so‘nggi olti yilda mamlakatimizda ta’lim sohasida institutsional va funksional o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Bu borada sifatli ta’lim mamlakatning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib bo‘ldi. Faqatgina ta’limni rivojlantirish barcha muammolarning kaliti bo‘lib qolishini tushunib yetishimiz zarur.

Usmonjon BO‘TAEV,

O‘zbekiston Milliy universiteti kafedra mudiri,

siyosiy fanlar doktori, dotsent.

O‘zA